Jahongir MAMATOV: Quvg’in romani
G’o'bdin tog’i etaklaridagi lalmi er shudgorlangan va qushlarning gala-gala bo’lib “ov” qilayotganlaridan don ham sepilgani anglashilardi. Qushlar o’z “ishlari”ga shu qadar g’arq bo’lgandilarki, yoniga borib qolganingizni ham sezishmasdi.
“Tahlika” deya biri ogohlantirdi shekilli “gur” etib bag’irlarini erdan uzdilar. Mirtemir boshini qiyalamaganda qarg’aning qanotlari yuziga urilardi.
- Qushlarni cho’chitdik, - dedi Ahmad qo’njidagi mashrafani chiqarib, sovib qolgan choydan ho’plarkan. So’ng u belboqqa tugilgan shirmoy nondan bir burda sindirib Mirtemirga uzatdi. - Antiqa hidi bor. Qandaydir giyoh solishsa kerak ichiga. Bodiyon hidiga o’xshaydi, - dedi.
- Rahmat. Choydan bir ho’plam icharman, labim qurib qolayapti, lekin non egim yo’q, - dedi.
- Yo’limiz hali uzoq. Buning ustiga shudgorga tushdik, Yurish og’ir. Bir burda bo’lsa ham eb olsangiz kuch berarmidi?
Shudgor… Mirtemir atrofga nazar soldi. Har er - har erdan bug’ ko’tarilmoqda. Demak, kun ochiladi. Har holda ikki-uch kun oldin shivalab yomg’ir yoqqanki, shudgorning ba’zi joyi quruq, ba’zi joyi loy. Quruq va ho’l birdaniga oyoqqa yopishsa ajralishi ham qiyin ekan. Tuflidan ajralsin, deya oyoqni biror kesakka urasiz, yana bir parcha loy osiladi. Sudrab ketaverasiz… og’ir. Oyog’ingizni orqaga tortayotganga o’xshaydi. Tizzalar sancha boshlaydi. Birdaniga loy uziladi. Engil tortasiz. Lekin bu engillik uzoqqa cho’zilmaydi. Oyog’ingiz yana og’irlasha boradi.
Buning ustiga Mirtemirning oyog’idagi tuflisi nobop. Osti nozikligi bir taraf, poshnasini tilayotgani, “urayotgani” ikkinchi taraf. Shoshganda oyog’iga to’g'ri kelganini “ilintirgan”da. O’sha payt oyoq kiyimi xayolga kelarmidi? Endi o’ylasa oyoq kiyimi ham juda muhim ekan. Hozir boshqa dardi yo’q. Xayoli harchand boshqa tomonlarga ketib qolmasin, oyog’ining og’rig’i ortga tortadi. To’xtab, oyog’iga qaragisi kelardi-yu, Ahmaddan uyalardi. U ketib borardi. Ancha oldinda.
Tangri yordam beraman desa, eng e’tiborsiz daqiqada ham dastaklashning yo’lini topadi. Mirtemirning ko’zi shudgor o’rtasidagi toshbaqaga tushib qoldi. “Yoppirim, bu erda nima qiladi? Qanday kelib qoldi ekan? Balki er ag’darilmasdan oldin kelib qolgandir? Xayriyatki, traktorning oyog’i, zanjirlari ostiga tushmabdi. Necha kundir bu erda ekan? Balki oilasi bordir buning ham? Qaerda qoldi ekan? Qanday qismat ayirdi ularni? Dunyo qiziq. Toshbaqalar orasida kin, adovat, ta’qib, quvg’in yo’q. Bu ishlarni qoyilmaqom qilib bajaradigan mirshablari yo’q. Lekin shunga qaramay bu poyonsiz shudgor o’rtasida qolgan. Na o’t bor, na suv. Ammo yashayapti…
Uzoqdan chalingan hushtak sasi Mirtemirning xayolini bo’ldi. O’h, ho’, Ahmad uzoqlashib ketibdi. U qo’li bilan tezroq keling, ishoratini qildi. So’ng shudgor etagi tomonni ko’rsatdi. Uzoqda nuqta ko’rindi. Nuqta yurib borayotganiga ko’ra u mashina bo’lishi kerak. Demak yo’l. Balki… Yana hushtak… Ahmad bir narsani topgandek, qo’li bilan “Tez kel” ishorasini qilardi.
Mirtemir loyli oyog’ini sudragancha ilgari ketdi. Ahmadning yoniga etib kelganda o’pkasi og’ziga tiqilgandek arang nafas olardi.
- Nima gap? -dedi u Ahmadga.
- Ko’rmayapsizmi?
- Nimani?
- Mana bu toshni, mana bu buloqni…
Mirtemirning yuzi yorishdi. Darvoqe, qanday ko’rmadiykin? Ha, ba’zan inson ko’zi ochiq bo’la turib ham oldidagi narsani ko’rmaydi.
- Xudoga shukur, o’tirib hordiq chiqaradigan joy ham topdik, hatto bulog’i bilan. Buning ustiga yo’l ham yaqin ekan. Yarim soatlik yo’l… Qani o’tiring… Mirtemir dasturxonni ham ko’rmabdi. Tosh ustiga solingan belbog’da shirmoy non to’g'rab qo’yilgan, yonida po’sti artilmasdan ezilgan piyoz.
- Piyozni qaerdan oldingiz?
- Yo’lga piyozsiz chiqadilarmi? Cho’ntakka bittasini tashlab qo’ygandim.
Mirtemir tegirmon toshi kabi katta va yoyiq toshning bir chetiga o’tirarkan, yana oyog’i esiga tushdi. Paypog’i ho’l edi. Chiqarib, qarasa poshnasi g’ijja qon. “Shunisi kam edi”, deb o’yladi.
- Eh, he, ilgaridan yarasi bormidi yoki yo’lda bo’ldimi? - so’radi Ahmad.
- Har holda bojamning tuflisini kiyib chiqqanim ayon. Ikkimizniki ham bir xil. Faqat bittasi katta, bittasi kichik.
Ahmad xayoliga latifa kelgan kishidek jilmaydi. Lekin hazilning joyi emas edi.
- Chorasi bor, - dedi u. - Endi tuflining orqasini bosib yurasiz. Mayli qo’lingizni yuving. Biror narsa eb oling, ketamiz.
Mirtemir toshbaqani o’ylay boshladi. Balki uning so’ng omadidir bu? Balki bu damni kunlar davomida kutib yotgandir? Shunday poyonsiz shudgorda nega uning oldidan chiqdi?
Ha, Mirtemer qancha odamlarga yaxshilik qildi. Shudgor o’rtasida qolib ketganlarni olib chiqdi. Balki shularning javobidirki, o’limdan qoldi.
U o’rnidan turib kelgan tomonga yurib ketdi.
- Qayoqqa?
- Toshbaqani olib kelayin…
- Qanaqa toshbaqa?
Ha-ya, Ahmadga aytmabdi. Ikki og’iz qilib tushuntirib berdi.
- Men bo’lsam, charchab to’xtab qoldingiz, deb o’ylabman. Siz toshbaqani ko’ribsiz-da!
Ahmad ham uning yonida borardi. Ammo toshbaqa qaerda edi? Somon qopning ichiga tushgan ignani toping-chi? Topolmaysiz. Ammo qopni ko’tarsangiz, igna elkaga botishi hech gap emas. Xuddi shunga o’xshab, toshbaqani uchratib qoldi… Lekin nega ninaga o’xshatdi birdan. Yo’q. Toshbaqa xosiyatli deyishadi.
- Qaerda edi? - deb so’radi u.
- Mendan so’rayapsizmi? O’zi rostdan ham toshbaqani ko’rdingizmi? Tag’in sarob bo’lmasin, - dedi Ahmad.
- Sarob… Shudgorda ham bo’ladimi?- Toshbaqa shudgorda bo’lsa, demak sarob ham ko’rinishi hech gap emas.
Ular oxiri oyoq izini aniqlashdi. Keyin shu iz bo’yicha biri chap tomonni, ikkinchisi o’ng tarafni qidirib yura boshlashdi. Osmon uzoq, er shudgor. Toshbaqa esa yo’q.
- Nima qilamiz, - dedi Ahmad.
- Topamiz, - javob qildi Mirtemir. - Bizni izlamayotganlaridek gapirasiz-a? Buning ustiga oyog’ingiz…
- Bizni astoydil izlasalar topadilar. Ammo kattalar buyuradi, bu yoqdagilar yo’ligagina izlaydilar.
- Unday ekan, nega shudgordamiz? Yo’lga chiqaylik.
- Hazillashdim, taqsir. Toshbaqani astoydil izlaylik, dedim-da.
- U shu qadar muhim-mi?
- Muhim. Ikkimizning ham holimiz ayni. Uni qutqarish uchun Tangri shunday bepoyon shudgorda bizga ro’baru qildi. Biz esa… Meni qutqarishdi. Uni esa…
- Shoir bo’lib ketdingiz!
- Mayli, siz qaytib, choy ichib turing, men uni topaman.
- Men bo’lsam topdim, - dedi Ahmad, - ana…
Ular birdan boshini toshlari ostiga bekitib olgan toshbaqaga egilishdi. Boshlari bir-biriga urildi.
- Demak, Siz…, - dedi.
- Siz qutqarishingiz kerak ekan.
Ammo Mirtemirning javob beradigan holi yo’q edi. Ko’z oldida yulduzlar uchib yurgandek bo’ldi. Boshi devorga urilgan kishidek, bir lahza muallaq bo’shliq qo’ynida qoldi. Shudgorning bir tomoni ko’tarilib osmonga ulashib ketdi. U tiz cho’kib qoldi. Va… xayoli birdan oyog’iga qarab yugurdi. Demak, oyog’i og’riyapti, boshi emas. U o’rnidan turaman deganda Ahmad qo’ltig’idan tutdi…
Ular toshbaqani buloq bo’yidagi o’tlarning ichiga qo’yib yuborishdi. Mirtemir ilk bor toshbaqaning xuddi qo’y kabi o’tni chitir-chitir eyishini ko’rdi. Balki ilgari ham ko’rgandir. Lekin bu qadar e’tibor bermagandir. Nima bo’lganda ham u engil tortdi.
- Tamom, qutildik, qo’lga tushmaymiz endi, - dedi u. - Nima, qo’lga tushish niyatingiz ham bormidi?
Bu savolga Mirtemirnning javob bergisi kelmadi.
- Toshbaqani olib ketamiz. Adrga chiqsak qo’yib yuboramiz, - dedi.
- Zotan mening qo’lim band, mashrafa, belbog’…
- O’zim olib boraman. Bu mening omadim. U yo’limdan chiqdi. Qismatimiz ayni ekan…
Ular uzoqdan ko’ringan va g’oyib bo’lgan nuqta tomonga qarab yurishdi. Bu paytda kun biroz ochilgan, quyuq bulutlar bag’rini yorib lip-lip etib bo’lsa-da ko’rinib turardi. Qora bulutlar esa loyqa ariqning suvi kabi bosa-bosa oqib borishardi…
(DAVOMI BOR).

Нобел мукофоти номзоди - миллий ғуруримиз, шоири замон ЮСУФ ЖУМАни озод этиш учун овозингизни ютманг! 