Yangi kitob: Sherali… (1)

Shuhrat AHMADJONOV
SHERALI JO’RAYEVDEK HOFIZ VA SHOIR YUZ YILLARDA BIR MARTA TUG’ILADI

Ushbu kitobni kamina bilan 1960-1970 yillarda Jizzaxdagi A.Navoiy nomidagi Maktabda bir sinfda o’qigan, 1971-1975 yillarda Samarqand Arxitektura-qurilish institutida o’qib, Samarqand davlat universitetida tahsil olayotgan muallif bilan bordi-keldi qilgan, muallifni turli yillarda, jumladan 1979-1983 yillarda Moskva Oliy texnika universitetida o’qiganida qo’llab-quvvatlagan, kamina kabi hofiz va shoir Sherali Jo’rayevning 1970 yildan, ya’ni 38 yillik muxlisi bo’lgan, bugungi kunda – 2008 yil fevralida Jizzax shahrida yashayotgan 48 yillik do’sti Nabijon G’aniyevga (1953.01.08) bag’ishlaydi.MUALLIF

Inson har gal idealni himoya etishga safarbar bo’lganda yoki o’zgalarning taqdirini yaxshilashga bel bog’laganida yoki adolatsizlikka qarshi kurashganida, u, umidning jimir-jimir mavjini avj oldiradi. Qudrat va jasurlikning million turli markazlaridan bir-birini kesib o’tuvchi mazkur mavjlar shunday oqimni vujudga keltiradiki, u zulmkorlik va qarshilikning eng qudratli to’siqlarini ham sindirib tashlashga qodir bo’ladi. [1, 36-b.]

ROBERT F. KENNEDI (1925-1968)

M U N D A R I J A

Muqaddima

1. Sherali Jo’rayev ijodi qanday boshlangandi?

2. “O’zbegim” qo’shig’i tarixi.

2.1. “O’zbegim” qo’shig’ining yaratilish tarixi.

2.2. Sovet Ittifoqi Davlat Xavfsizligi Qo’mitasining 1969 yilda E.Vohidov hamda Sh.Jo’rayevga qarshi jinoiy ish ochish uchun harakati.

2.3. “O’zbegim” qo’shig’ining tarixiy ahamiyati.

2.4. Sh. Jo’rayevning Sh.Rashidov haqidagi fikri.

3. 1970-yillarda Sherali Jo’rayevning talabalar orasida mashhur bo’la boshlashi.

4. Sh. Jo’rayevning 1974 yil konsertidagi voqea.

5. Sh. Jo’rayevning 1970-1979 yillardagi faoliyatiga doir ayrim ma’lumotlar.

6. Birovlar qo’shig’i bilan olqish olmoqchi bo’lgan xonandaga Sh.Jo’rayevning 1986 yildagi hofizlarcha chiroyli javobi.

7. Sh. Jo’rayevning 1989 yil 1 oktyabrdagi konserti va bu masalada “Birlik” xalq harakati raisi A.Po’latovning tanqidi.

8. Sh. Jo’rayevning 1980-1989 yillardagi faoliyatiga doir ayrim ma’lumotlar.

9. Sh. Jo’rayevning ulug’ hofiz bo’lish siri nimada?

10. Sh. Jo’rayevga qarshi tarqatilgan mish-mish gaplarga doir.

10.1. Sh. Jo’rayev va boshqa hur fikrli ziyolilarga qarshi yolg’on xabarlar hamda mish-mish gaplarni Sovet Ittifoqida qaysi tashkilot tarqatardi?

10.2. Sh. Jo’rayevga qarshi 1992 yilda umra va haj safari bilan bog’liq holda uyushtirilgan mish-mish tarixi.

10.3. Sh. Jo’rayevga qarshi 1993 yilda uyushtirilgan mish-mish tarixi.

10.4. Professor Olimjon Karimovga qarshi 2004 yilda uyushtirilgan mish-mish tarixi.

10.5. Mish-mish tarqatuvchilarga Sh. Jo’rayevning munosabati.

11. Sh. Jo’rayevning 1990-1992 yillardagi faoliyatiga doir ayrim ma’lumotlar.

12. 1993 yilda Sh. Jo’rayevga qarshi tazyiqlarning qayta boshlanishi va uning huquqlarini himoyasi uchun kamina uyushtirgan tadbir.

13. Sh. Jo’rayevning 1996 yilda “O’zbekiston - Vatanim manim” qo’shiq-tanlovidagi g’alabasi va unga nisbatan adolatsizlik.

14. Sh. Jo’rayevning 1993-2000 yillardagi faoliyatiga doir ayrim ma’lumotlar.

15. Sh.Jo’rayev va D.Hasanning huquqlarini himoyasi uchun kamina 2005 yil 31 may kuni uyushtirgan piket tafsiloti.

15.1. O’zbekiston madaniyati va sporti muammolariga doir Talabnoma va piketga tayyorgarlik.

15.2. Talabnoma matni.

15.3. Piketning boshlanishi va kaminani organ xodimlari tutib ketishlari.

15.4. Mirobod tuman ichki ishlar boshqarmasi rahbarlari va Toshkent shahar Bosh psixiatri X.Husanxo’jayevning kaminaga Sh.Jo’rayev bilan bog’liq bergan savollari.

15.5. Kamina o’tkazgan piketi uchun militsiya va maxsus xizmat organlari tazyiqlarining davomi.

16. Sh. Jo’rayevning yoshligidagi fotosurati tarixi.

16.1. Sh. Jo’rayevning 1975 yildagi oq-qora rangli fotosurati tarixi.

16.2. Sh.Jo’rayevning 1975 yildagi suratidan rangli fotosurat qildirish uchun kaminaning 2006 yildagi kurashi.

17. Sh. Jo’rayevning 2001-2008 yillardagi faoliyatiga doir ayrim ma’lumotlar.

18. Sh.Jo’rayev oilasiga doir ayrim ma’lumotlar.

19. Sh.Jo’rayev shogirdlariga doir ayrim ma’lumotlar.

20. Sh.Jo’rayev yozgan kitoblar, filmda rol ijro etishi, u haqda chop qilingan maqolalar ro’yxati va uning “Navo sozi Sherali” do’koni.

21. Demokratlar, jumladan muxolifatning Sh.Jo’rayevga munosabati qanday bo’lgani ma’qul?

22. O’zbekistondagi siyosiy rejim Sh. Jo’rayev va qo’shiq muxlislarining qanday huquqlarini buzmoqda?

23. Sherali baribir Sherali-da!

Izohlar.

Foydalanilgan adabiyotlar.

M U Q A D D I M A

Sovet Ittifoqidek totalitar, O’zbekistondagidek avtoritar, politsiyaviy siyosiy rejimlar hukmron bo’lgan davlatlarda barcha hur fikrli insonlar kuchishlatar organlar nazorati va ta’qibi ostida yashahsga majburdirlar. Shunday hur fikrli o’zbek ziyolilari safida mashhur hofiz va shoir Dadaxon Hasan, Sherai Jo’rayev ham bor.

Muallif Sherali Jo’rayevning, aniqrog’i u ijro etgan qo’shiqlarining 38 yillik muxlisidir. Sh. Jo’rayev Sovet Ittifoqi davrida ham, O’zbekiston Mustaqillikka erishganidan keyin ham mehnatkash, jafokash o’zbek xalqi manfaatlarini o’z imkoniyatlari doirasida himoya qilib kelayotgan ziyolilardan biridir, mashhur hofiz va shoirdir. Shu sababli biz - demokratlar Sh. Jo’rayev haqida o’zimizning ijobiy, iliq fikrlarimizni aytishimiz, yozishimiz, uning bilan iloji boricha hurmat yuzasidan munosabatda bo’lishimiz o’rinlidir.

Sherali Jo’rayevdek hofiz va shoir odatda xudo tomonidan ba’zi bir xalqlargagina yuz yillarda bir marta beriladi. Sh.Jo’rayevda Olloh tomonidan berilgan buyuk ist’yedod borligini baholi qudrat ko’rsatib berish niyatida quyida uning haqida ayrim ma’lumotlar keltirilgan. So’ngra shunday buyuk est’yedod va ulug’ insonning ham huquqlari Sovet Ittifoqidagi totalitar, 1992 yildan keyin O’zbekistondagi avtoritar, politsiyaviy siyosiy rejim tomonidan buzilganligi va bugungi kunda ham davom etayotganligi haqida yozamiz.

O’zbekistondagi kuchishlatar organlarga tayangan rejim rahbariyati tomonidan Sh. Jo’rayev faoliyatiga 1993 yildan boshlab jiddiy chegaralanishlar, taqiqlar qo’yildi. Muallif inson huquqlari himoyachisi sifatida ham, Sh. Jo’rayev qo’shiqlarining muxlisi sifatida ham 1993 yilda Murojjatnoma yozish va imzolar to’plash, 1999 yilda o’zining “Turon yigitiga” nomli kitobida kattagina bandda uning haqida haqqoniy ma’lumotlar va fikrlarni bayon etish, 2005 yilda piketda ishtiroki orqali himoya etishga harakat qildi.

Muallif 1999-2000 yillarda “Turon yigitiga” nomli kitobning kattagina qismini yozdi va uning 240 betini yozuv mashinkasida chop etdi. Shu kitobning 7.2 bandi quyidagi bandlardan iborat edi.

“7.2. O’zbekistonda fuqarolarning demokratik huquq va erkinliklarining ba’zilari jiddiy ravishda chegaralanganligi.

7.2.1. Shoir va hofiz Dadaxon Hasan haqida.

7.2.2. Jurnalist va sozanda Nosir Zokir haqida.

7.2.3. Shoir va hofiz Sherali Jo’rayev haqida.

7.2.4. Kitob muallifi hayotidan bir lavha.”

O’quvchilarimizdan ba’zilari “Muallif o’z kitobini Internet saytlarda chop ettirsa bo’lardi” deyishlari mumkin. Muallif kitobni, jumladan Sh.Jo’rayev haqida yozilgan 7.2.3-bandni 2000-2003 yillarda chop ettira olmaganligining ikkita sababi bor. Birinchidan, muallif komputer orqali Internetdan foydalanishni 2004 yilda o’rgandi va saytlarda maqolalar hamda kitoblarni chop ettirishga 2004 yil avgustdan keyin imkoniyat tug’ildi. Ikkinchidan, 1999-2003 yillarda Toshkentda Internet-kafelar kam sonli bo’lib, borlarini ham maxsus xizmat (Milliy xavfsizlik xizmati) organi xodimlari nazorat qilishardi. Ular kamina orqasidan kuzatib yurganlari bois Internet-kafeda kompyuterda teriladigan matnlarni qattiq nazorat qilishardi.

Muallif 1999 yil iyulida Sh.Jo’rayev haqida yozilgan 7.2.3 bandni yozuv mashinkasida A4 (30×21 cm) kattalikdagi qog’oz betlariga chop qilganida 8 betni tashkil etdi.

Kitob sarlavhasida yozilgan “Sherali Jo’rayevdek hofiz va shoir yuz yillarda bir marta tug’iladi” degan fikrni kamina 1999 yil iyulida o’zining “Turon yigitiga” nomli kitobining 7.2.3 bandida yozgan edi. Muallifdagi ma’lumotlarga ko’ra, bunday fikrni boshqa fuqarolar 1999 yil iyuliga qadar davriy matbuotda, kitoblarda chop ettirishmagan. Boshqacha aytganda, bu fikrni dastlab kamina yozgan. Ya’ni bu fikr boshqalar fikridan olib yozilgan emas.

Bu fikr kamina tomonidan 1999 yilda yozilganligiga doir quyidagi faktni keltirib o’tish o’rinlidir. Muallif 2000 yil may oyida “Qarz balosidan ogoh bo’lgin, xalqim!” nomli 80 betli kitobni kompyuterda terib tayyorladi ([3]-ga qarang). Uni kseroksda ko’paytirib, kitob ko’rinishiga keltirdi va tanish-bilish ziyolilarga, Oliy Majlisning ayrim deputatlariga tarqata boshladi.

Muallif o’zining “Turon yigitiga” nomli kattagina kitobidagi materiallar asosida 80 betlik ikkinchi kitobni kompyuterda terish va kseroks etib tayyorlashni rejalashtirib yurgan edi. Bu kitobda Sh.Jo’rayev haqidagi band ham o’rin olishi kerak edi. Kamina bu bandni kitobga kiritishdan oldin Sh.Jo’rayevga berib, uning fikrini bilishga harakat qildi.

Kamina shu maqsadda 2000 yil yozida Sh.Jo’rayevning uyiga (Toshkent shahri, Mirza Ulug’bek tumani, Mohlaroyim ko’chasi, 20-uy) bordi. Muallif Sh.Jo’rayev bilan avval maqola haqida suhbatlashib, keyin 1975 yildagi fotosuratni berishni rejalashtirdi. Darvozani taqillatgach, ichkaridan 25 yoshlardagi yigit chiqdi. Salom-alikdan so’ng kamina Sherali Jo’rayevning 30 yillik muxlisi ekanligi, o’z kitobining bitta bandida u haqda maqola yozgani va shu maqolaga Sh.Jo’rayevning fikrini bilmoqchi ekanligini aytdi. Yigit Sh.Jo’rayevning yaqin qarindoshi ekanligi, bu maqolani kamina qoldirib ketishi mumkinligi va uni Sherali akaga berib, uning fikrini bilib berishini aytdi. Muallif o’sha yigitdan Sherali akaning tug’ilgan sanasini so’radi. U 1947 yil 12 aprel ekanligini aytdi va kamina o’zidagi maqola nusxasiga yozib qo’ydi. Kamina eslashicha, o’zining “Qarz balosidan ogoh bo’lgin, xalqim!” nomli kitobidan ham bir dona berdi.

Shu gaplar bo’lib turgan payti ichkaridan Sherali Jo’rayev o’zi chiqib keldi. Kamina Sherali akaga salom berib, uning 30 yillik muxlisi ekanligini gapirdi va yigit qo’lidagi maqolani ko’rsatib kelishdan maqsadini ham aytdi. Muallif o’z sumkasidan 1975 yildagi fotosuratni chiqarib, Sherali akaga berdi va suratni 25 yil o’tgachgina olib kelib berayotganiga uzr so’radi. Sherali aka 1975 yilda o’zi ham tushgan fotosuratga bir oz qarab turdida, uni qarindosh yigitga uzatdi. Sherali aka “Maqolangizni qoldirib keting, ko’rib chiqarman” dedi. Sherali aka shunday deb, ko’chaning u boshiga va bu boshiga qaradida, ichkariga kirib ketdi (u kimnidir kutayotgan bo’lsa kerak).

Shu uchrashuvdan hafta-o’n kun o’tgach, kamina yana Sh.Jo’rayev uyiga bordi. Ichkaridan o’sha yigit chiqib, muallifga maqolani qaytarib berdi. U Sh.Jo’rayevning maqolada yozilgan gaplarga e’tirozi yo’q ekanligini aytdi.

O’sha maqola, ya’ni 7.2.3-band quyidagi so’zlar bilan boshlangan edi: “Sherali Jo’rayevdek hofiz va shoir odatda xudo tomonidan ba’zi bir xalqlargagina yuz yillarda bir marta beriladi. Sh.Jo’rayevda Olloh tomonidan berilgan buyuk ist’yedod borligini baholi qudrat ko’rsatib berish niyatida quyida uning haqida ayrim ma’lumotlar keltirilgan”.

Shunga o’xshash fikrlar 2000 yil yozidan, aniqrog’i 2001 yildan keyin O’zbekiston matbuotida chop etilayotgan maqolalarda tez-tez tilga olib turilibdi. Bunga misol sifatida 2007 yilda chop qilingan maqoladan bitta iqtibos keltiraylik.

“Alisher Navoiy nomidagi davlat mukofoti sohibi, xalq hofizi Sh.Jo’rayevning oltmish yoshni qarshi olganligi munosabati bilan yozilgan muxtasargina maqolaga nuqta qo’yishdan oldin bir narsani ta’kidlamoqchiman. Ha, chindan ham yurt farzandlari har kuni, har yili tug’ilavermaydi. Tug’ilsa qirq yilda, yuz yilda, yo’q, besh yuz yilda bir dunyoga keladi!” [2, 8-b.]

Kamina o’zidagi ayrim ma’lumotlar, oxirgi yillarda chop etilgan maqolalar asosida 5-bandda 1970-1979, 7-bandda 1980-1989, 10-bandda 1990-1992, 13-bandda 1993-2000, 16-bandda 2001-2008 yillarda Sherali aka boshidan o’tgan ba’zi voqealar, bir necha qo’shiqlari tarixi, u qo’shiqlar kuylagan O’zbekistondagi to’ylarda va xorij mamlakatlarida gastrol paytida bo’lib o’tgan voqealar haqida ayrim qo’shimcha ma’lumotlarni keltirgan. Ushbu ozgina faktlardan ko’rinib turibdiki, xalqimiz o’zining sevimli hofizi haqida o’n yilliklar davomida bo’lib o’tgan voqealar, u yaratgan qo’shiqlarning ko’pchiligi tarixi haqida kam ma’lumotga egadir. Axir biz u 43 yil davomida ijro etgan qo’shiqlarning umumiy ro’yxatiga ham ega emasmiz! Shu sababli bugungi kunda Sherali aka yonida yurgan, u bilan munosabatda bo’layotgan farzandlari, yaqin qarindoshlari, do’stlari, shogirdlari, qolaversa imkoniyat topa olgan boshqa ziyolilar, ayniqsa jurnalistlar imkon doirasida ko’proq ma’lumotni undan so’rab-surishtirib, qog’ozga yozib qo’ymoqlari kerak. Hech bo’lmaganda Sherali akaning Sovet Ittifoqi davridagi ijodi, bo’lib o’tgan voqealar haqida bemalolroq gapirish va yozish mumkinku. Sherali aka hayoti xalqimizning kechagi va bugungi hayoti bilan chambarchas bog’langandir.

Hofiz va shoir Sherali Jo’rayevga demokratlarning, jumladan muxolifatning munosabati qanday bo’lmog’i kerak, degan savolga kamina o’z fikrini 20-bandda yozadi. Muallif o’sha bandda Sh.Jo’rayev va uning 43 yillik ijodiga doir o’zining yana ayrim ijobiy fikrlarini bildiradi.

Kitobni o’qigan o’quvchida: “Muallif ko’p manbadan nega buncha ko’p iqtibos keltirgan? O’z so’zlari bilan yozsa bo’lmasmidi?” degan savol tug’ilishi mumkin. Buning sababi quyidagichadir.

Muallif o’z maqolalari va kitoblarida O’zbekistondagi avtoritar, politsiyaviy siyosiy rejim inson huquqlari, iqtisod, qonunchilik va boshqa sohalarda olib borayotgan, xalq manfaatlariga zid tomonlarini tahlil etib, tanqidiy fikrlar yozgan. Shu sababli rejim kuchishlatar organlari kaminaning maqolalari va kitoblaridan xato, kamchiliklar topib, uni tuhmat qilganlikda ayblab, soxta sud mahkamasini o’tkazish va qamab yuborishga harakat qilishi aniq.

Siyosiy rejim kuchishlatar organlari tomonidan shunday tazyiq 2001 yilda bo’lgandi. Yuqorida yozganimizdek, kamina 2000 yil may oyida “Qarz balosidan ogoh bo’lgin, xalqim!” nomli 80 betli kitobni kompyuterda terib, kitobcha qilib tanish-bilish ziyolilar orasida tarqata boshladi. Shundan deyarli 1,5 yil vaqt o’tib, 2001 yil 30 oktyabr kuni muallifni Toshkentda hibsga olishdi. Uning sumkasidagi [3]-kitobi va “Gap-gashtakdan – Jadidchilik harakatiga!” nomli kitobining qo’lyozmasini O’zR Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Diniy ishlar qo’mitasiga ekspertizaga jo’natishdi. Bu haqda kaminaning [4]-kitobining 1-ilovasida batafsilroq yozilgan.

Rejimning maqsadi – kaminani 5-10 yilga qamab yuborish edi. Muallif o’z kitobida foydalangan deyarli har bir fakt yoki voqeani tegishli maqolalar yoki adabiyotlardan iqtibos keltirish va kitob oxirida bu manbalarning nomini ko’rsatish yo’li bilan yozgandi. Shu sababli politsiyaviy rejim amaldorlari, jumladan maxsus xizmat organlari zobitlari kaminaga qarshi katta ayb qo’ya olmadilar. Hibsga olinganning 21-kuni soxta sud mahkamasini o’tkazishib, “vahimali gaplar tarqatganlikda” ayblab kaminani 15 sutkaga qamash haqida qaror chiqarishgandi.

Muallifni ta’qib qilish yo’llaridan yana biri – kuchishlatar organlar kitobda nomi tilga olingan fuqaroni turli yo’llar bilan majburlab, qo’rqitib, kaminaga qarshi sudga berish uslubini ham qo’llashlari mumkin.

Mana shunday “Sallasini keltir, desang, kallasini keltiradigan” amaldorlar kamina ustidan soxta sud qilib, ko’p yilga qamab yubormasliklaridan yoki biror qo’rqitilgan fuqaroning shikoyat arizasi sababli sud mahkamasiga tortilishdan ehtiyot bo’lib, muallif o’z maqolalari va kitoblarida, jumladan ushbu kitobda turli maqolalar va kitoblardan ko’pgina iqtiboslar keltirgan va manbalarini “Foydalanilgan adabiyotlar” bandida aniq ko’rsatgan.

Qolaversa, iqtibos matnini o’qigan o’quvchimiz, lozim topsa, iqtibos keltirilgan adabiyotni topib o’qib chiqishi va bilim doirasi hamda dunyoqarashini kengaytirishi mumkin.

Sh.Jo’rayevdek ulug’ hofiz va shoir haqida kitob yozganda xato va kamchiliklar bo’lishi muqarrar. Bular haqida o’quvchilarimiz o’z fikr-mulohazalarini Internet-saytga yozib bildirsalar, kamina bu e’tirozlarni kitobning keyingi nashrida e’tiborga oladi va zarur tuzatishlarni qiladi, xudo xohlasa.

Muqaddimani O’zbek Milliy Ensiklopediyasida Sh.Jo’rayev haqida yozilgan maqolachani keltirish bilan tugatsak. O’zbekistondagi piolitsiyaviy rejim Sh.Jo’rayev haqida tan olgan ma’lumotlar nimalardan iborat ekanini o’quvchimiz ham bilib qo’ysa foydalidir.

“JO’RAYEV Sherali (1947.3.9, Asaka tumani) – xonanda. O’zbekiston xalq artisti (1987). Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutitni tugatgan (1972). O’zbek davlat estradasi Andijon viloyati filarmoniyasi (1979-86), O’zbek davlat filarmoniyasi (1986-96), “O’zbeknavo” birlashmasi (1999 yildan) da yakkaxon xonanda. Tabiatan shirali ovozga ega. Ijro uslubi monologik, dramatik iztiroblarga asoslangan. Uning ijrosidagi qo’shiqlar xalqchilligi, mushohadali, falsafiy mazmunga boyligi, benazir jozibasi va teran insoniy dardliligi bilan ajralib turadi.

Jo’rayev repertuari ko’p qirrali va rang-barang. Qo’shiqlari asosini Sharq mumtoz (Navoiy, Bobur, Sheroziy, Hofiz, Mashrab, Ogahiy va boshqa) va zamonaviy (E.Vohidov, A.Oripov va boshqa) shoirlarning she’rlari tashkil etadi. Ko’pgina qo’shiqlari kuyini Jo’rayev o’zi yaratadi (jumladan: “Birinchi muhabbatim”, “O’zbegim”, “Karvon”, “Achchiq haqiqat”, “Yaralgan”, “Oshiqlar sardori”, “Inson qasidasi”, “Oshiq bo’ling” va hokazo). Ba’zi qo’shiqlarining matnini ham o’zi yozgan: “Bobodehqon”, “Zamon”, “Qarashlarga”, “Ona Turkiston”, “Sohibqiron”, “Do’st bo’lsang, yonimda tur”, “Qayon ketmoqdasiz?”.

1992 yilda O’zteleradiokampaniyasi Jo’rayev ijodiga bag’ishlangan “Bir ulug’el bor jahonda” film-esse yaratgan. Yevropa, Osiyo mamlakatlarida gastrolda bo’lgan. O’zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi deputati (1990-1995). Alisher Navoiy nomidagi O’zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti laureate (1991).

Asarlari: Bola dunyoni tebratar, T.: 1988; San’atim (nashrga tayyorlovchi S.Sayyid), T.: 2000” [5, 3-j., 648-b.]

1. SHERALI JO’RAYEV IJODI QANDAY BOSHLANGANDI?
Sherali (asli ismi Shermat) Jo’rayev 1947 yil 12 aprelda Andijon viloyati Asaka tumanida tavallud topgan. U 1965 yilda Toshkentdagi Talabalar shaharchasi yaqinida joylashgan Madaniy-ma’rifat (oqartuv) texnikumiga o’qishga kirgan. Bir yildan keyin, ya’ni 1966 yilda Mannon Uyg’ur nomidagi San’at institutiga o’qishga kirgan.

Sh.Jo’rayev o’z ijodining boshlanishi haqida bunday degandi.

“Maktabda o’qib yurgan kezlarimda Ma’murjon Uzoqov, Komiljon Otaniyozovlarning qo’shiqlarini aytib yurardim, mustaqil ravishda “Gul ichida uchratdim”, degan so’zi va musiqasi o’zimga tegishli ashulani ijro etganman. “Sevishimni bilarmiding?” nomli qo’shig’imiz bor edi. Institutda o’qib yurgan chog’larim, ya’ni 1965-66 yillarda televideniyega olib chiqishgan. O’shanda ham o’zim yozgan “Hormangiz” deb nomlanib, zilzilaga atalgan qo’shig’imni aytganman:
“Poytaxtim ko’ksiga tushgan yaraning malhami,

Studentlar, ishchilar, mard qahramonlar, hormangiz”.

Undan keyin esa “Birinchi muhabbatim”, “Bog’bon qizi”, “Ajab hangomalar ko’rdim”, “O’zbegim”, “Inson o’zing” kabi qo’shiqlarni yaratdik …” [6, 18-b.]

“Sen bahorni sog’inmadingmi?!” degan Abdulla Oripov she’rini kuylagandim, ilk qo’shig’imni … 1965 yili qir-adirga lola terishga borganimizda, Abdulla Oripovning kichik she’riy to’plamini o’qib qo’shiq qilish xayoli tug’ildi. G’ijjakchi Ozod Karimov bilan birgalashib, qo’shiqni TVda (televideniyeda, A.Sh.) namoyish etdik. Ergash Muazzamov degan yaxshi ovozi bor ijodkor do’stimiz shu qo’shiqni kuylashni so’radi. U usulni sal tezlashtirib marom bilan kuyladi. Shundan beri bu qo’shiq Ergashnikiga aylanib qoldi. Endi bu qo’shiq meniki deb aytolmayman. Qunt bilan tinglasangiz, bu qo’shiqda mening uslubim yaqqol ko’rinadi. Navbatdagi qo’shig’im ko’pchilikka tanitdi: “Hormangiz”. 1966 yilda o’zim musiqasini yaratib, kuyladim.” [7, 18-b.]

“… Shundan beri bu qo’shiq (“Sen bahorni sog’inmadingmi?” qo’shig’i, A.Sh.) Ergashniki. Endi bu qo’shiq meniki, deb aytolmayman. U chiroyli kuyladi. Undan keyin Ikromjon Bo’ronov ham kuylagan. Qunt bilan tinglasangiz, bu qo’shiqda mening uslubim ranggi yaqqol ko’rinadi.” [8]
Kamina “Sen bahorni sog’inmadingmi?” qo’shig’ini Ikromjon Bo’ronov ijrosida ko’p marta radio orqali tinglagan, televizorda ko’rgan va zavq-shavq olgan. U bu qo’shiqni maromiga yetkazib kuylagan. Muallifda o’sha 1960-yillar oxiridan beri bitta savol paydo bo’lardi: “Nega I.Bo’ronovda bu qo’shiqqa o’xshash boshqa qo’shiq yo’q?” Bu savolga 2005 yilda, Sh.Jo’rayevning [6]-maqolasida yozilgan intervyusida kamina javob topdi. Buning sababi - “Sen bahorni sog’inmadingmi?” qo’shig’i muallifi I.Bo’ronov emas, balki Sh.Jo’rayevdir.

1966 yil 26 aprel tong paytida – soat 5 dan 23 daqiqa o’tganda Toshkentda 8 balldan ziyodroq kuchga ega bo’lgan zilzila ro’y bergandi. Natijada 2 million kvadrat metrdan ortiq turar joy, 236 ma’muriy bino, 700 ga yaqin savdo va umumiy ovqatlanish ob’ektlari, 26 kommunal xo’jalik korxonasi, 180 o’quv yurti, shu jumladan 8 ming o’rinli maktablar, 36 madaniy-maishiy muassasa, 185 tibbiyot va 245 sanoat korxonasi binolari zarar ko’rdi; 78 ming oila yoki 300 ming kishi boshpanasiz qoldi; 8 kishi o’lgan va 150 ga yaqin kishi kasalxonaga yotqizilgandi [9, 123-b.]. Vayron bo’lgan shaharni tiklashda ko’plab kishilar, jumladan talabalar g’ayrat-shijoat bilan mehnat qilishgandi.

O’sha paytlarda Sherali Jo’rayevning dastlabki qo’shiqlaridan biri - “Hormangiz” qo’shug’i Toshkent zilzilasi oqibatlarini bartaraf etayotganlarga bag’ishlangandi. Qo’shiq ko’plarga ma’qul kelib, uni hatto O’zbekiston televideniyesiga taklif qilishgan va 19 yoshli Sherali Jo’rayevning “Hormangiz” qo’shig’i ham televideniye orqali butun O’zbekistonga yangragan edi.

(Davom etadi).

Ответить

Вы должны авторизоваться для отправки комментария.