Shuhrat Ahmadjonov: SHERALI… (Kitobdan boblar)

sher6.jpg3. 1970-YILLARDA SHERALI JO’RAYEVNING TALABALAR ORASIDA MASHHUR BO’LA BOSHLASHI

Sherali Jo’rayev Toshkent San’at institutini 1971 yilda bitirgach, uni jumhuriyat filarmoniyasiga ishga yuborishgandi.

Yoshlar, ayniqsa talabalar yangi qo’shiqlarning shaydosi bo’lganligidan odatda yosh xonanda avvalo talabalar orasida tanilar edi. Muallif 1970 yil sentyabrida Samarqand davlat universiteti (SamDU) mexanika-matematika fakultetiga o’qishga kirganida 16 yoshda edi. U 1970-1975 yillarda SamDUning 1-yotoqxonasida (Samarqand shahri, Qo’qon ko’chasi, 45-uy) yashadi.

1960-yillar oxirida Sovet Ittifoqida kassetali magnitafonlar ishlab chiqarish endi boshlangan bo’lib, u asosan boyroq yuqori kursda o’qiydigan talabalarda bor edi. Kamina Sh.Jo’rayev qo’shiqlarini dastlab shu yuqori kurs talabalari yashayotgan xonalarda kassetali magnitafonda eshitgan edi. Muallif 1-toifali (razryadli) shaxmatchi bo’lganligi va besh yil davomida fakultet terma jamoasi safida shaxmat musobaqalarda fakultet sha’nini himoya qilgan edi. Shu bois 1970-1971 yillarda ba’zan katta kursda o’qiyotgan va shaxmatni yaxshi o’ynaydigan talabalar bilan dona surishib turardi. Ko’pincha bu o’yinlarni 4-5, ba’zan o’n nafargacha talabalar tomosha qilishardi. O’yin davomida xonada kassetali magnitafonda qo’yilgan, bir oz shig’illagan tovushlar bilan yozib olingan Sh.Jo’rayevning qo’shiqlarini kamina ham tinglardi. Muallif Sh.Jo’rayevning “O’zbegim”, “Birinchi muhabbatim” qo’shig’larini dastlab shunday sharoitda eshitgandi.

1970-yillar boshida talabalar orasida Farg’ona vodiysidan chiqqan ikki yosh xonanda - Sherali Jo’rayev va Dadaxon Hasanning qo’shiqlari magnitafon kassetali orqali tarqala boshlagandi. Avvaliga ko’plar qatori kaminaning har ikkala xonandaga munosabati bir xil edi. Sh.Jo’rayevning yangi-yangi qo’shiqlari biz – talabalarga yetib kelgan sayin uning xalq ichidagi obro’yi ortib bordi. Ayniqsa Erkin Vohidov she’riga kuy bastalab aytgan “O’zbegim” va shoir Abdulla Oripov she’riga kuy bastalab aytgan “Birinchi muhabbatim” qo’shiqlari talabalar orasida tarqala boshlagach, Sherali Jo’rayev O’zbekistonda va qo’shni jumhuriyatlarda mashhur bo’lib ketdi.

1970-yillar boshida Sh.Jo’rayevning 8 ta qo’shig’i yozilgan alohida katta gramplastinkasi sotuvga chiqarilgandi. Bu plastinkada “Birinchi muhabbatim” qo’shig’i ham bor edi. O’zbek xonandasi, ya’ni Sh.Jo’rayev qo’shiqlari yozilgan plastinkani fuqarolar (jumladan kamina ham) navbatda turib sotib olishgandi. Muallif eslashicha, Sh.Jo’rayev qo’shiqlari yozilgan plastinka katta sonda chiqarilgan bo’lishiga qaramay fuqarolar tezda sotib olishgandi. Shu sababli Toshkent gramplastinka zavodida uni ikkinchi marta yanada ko’proq sonda ishlab chiqarishdi va u ham xalq ichida tez tarqaldi.

Proigrivatel (plastinkadan ovoz chiqaradigan apparat, qurilma) ko’pgina fuqarolarda, jumladan kaminada ham bo’lganligi sababli, Sh.Jo’rayev qo’shiqlari talabalarning ko’pgina xonalarida yangrardi. O’sha plastinkada yozilgan qo’shiqlarni hozir eshitsangiz ham zavq-shavq olasiz.

Boshqa taniqli xonandalar kabi Sherali Jo’rayevning ham har yili yangi qo’shiqlari chiqib turardi. Sovet Ittifoqidagi mavjud siyosiy tizim Sh.Jo’rayevga televideniye va radio orqali qo’shiq kuylashga ruxsat bermaganligi sababli biz bu haqda magnitafon tasmalariga to’ylarda yozib olingan qo’shiqlar yoki yiliga bir marta stadionda bo’ladigan konsertlar orqali xabardor bo’lardik.

Sherali Jo’rayevning yaxshi tomonlaridan biri shunda ediki, u Sovet tuzumi, kommunistik partiya va uning rahbarlarini maqtab qo’shiq aytmasdi. Uning qo’shiqlarida haqiqiy muhabbat alohida mehr, zavq va iztirob bilan kuylanardi. U o’z qo’shiqlari orqali el-yurtimiz, Vatanimiz, buyuk tariximiz va milliy qadriyatlarimiz bilan g’ururlanishga va faxrlanishga, islomiy qadriyatlarga amal qilishga da’vat etardi.

(DAVOMI BOR).

Ответить

Вы должны авторизоваться для отправки комментария.