Shuhrat Ahmadjonov: SHERALI… (Kitobdan boblar)
4. Sh. JO’RAYEVNING 1974 YIL KONSERTIDAGI VOQEA
Sherali Jo’rayevning o’sha 1970-yillardayoq xalq ichidagi obro’si qay darajada ekanligini yaxshi tasavvur etishingiz uchun kamina guvoh bo’lgan bitta voqeani bayon etsak. Har yili bahorda – 1 may arafasida Toshkentdan kelgan san’atkorlar guruhi bir necha shaharlarda gastrolda bo’lib, konsertlar berishardi. [16]-maqolada Samarqand viloyatiga bo’lgan shunday gastrol paytida Sherali Jo’rayev 20 kun ichida 38 ta konsert bergani haqida yozilgan.
1974 yil bahori edi. Sherali Jo’rayevning boshqa san’atkorlar bilan birgalikdagi konserti Samarqanddagi Spartak nomidagi stadionda bo’lishi rejalashtirilgandi. Oqshomga yaqin stadionga odam liq to’ldi, hatto tik turib tomosha qilishga ham joy qolmagandi. Odatdagiday avvaliga qaysidir xonandalar 5-6 ta qo’shiq aytishdi va kimlardir raqsga tushdilar. Shundan so’ng stadiondagi xalq ham qarsak chalib, ham ovoz bilan Sherali Jo’rayevning chiqishini talab qila boshladi. Boshlovchi (konferanse) navbatdagi qo’shiqlarni e’lon qildi va shovqin-suron ostida yana ikkita konsert nomeri o’tdi.
Stadiondagi xalqning talabi esa avj olib borardi. Nihoyat konsertni olib borayotgan boshlovchi chiqib, o’z so’zlarini bitta-bitta gapirib, tomoshabinlarga shunday murojaat qildi: “O’rtoqlar! Bugun 1974 yil … kuni 2500 yillik qadimiy va navqiron Samarqand shahrida sevimli xonandamiz Sherali Jo’rayev …”. Boshlovchi shu so’zlarni aytayotganida boyagina guvillab turgan stadionda pashsha uchsa eshitilar darajada jimlik hukmron edi. Samarqandda sevimli hofizimiz Sherali Jo’rayev bilan bog’liq biror noxush voqea ro’y berdimi, degan fikr ko’plar qatori kamina miyasiga kelgandi va butun his-hayojon bilan jimgina quloq solardi.
Keyin boshlovchi bir oz tin olib: “… kasal bo’lib qoldi!” dedi va stadiondagi o’n mingdan ortiq odamlar birdaniga yengil tortib xo’rsindi. Shuncha ko’p kishining bunday birvarakayiga xo’rsinishi qandaydir takrorlanmas bir hodisa edi. Shu alpozda stadiondagi odamlar bir daqiqalar jim turishdi-da, o’zlariga bir oz kelishgach, yanada qattiqroq qarsak chalib, shovqin suron bilan Sherali Jo’rayevning sahnaga chiqishini talab qila boshlashdi.
Qaysi bir xonanda bitta qo’shiq aytdi, so’ngra qaysi bir raqs guruhi o’yinga tushib berdi. Ovoz ko’chaytirgichlar baralla qilib qo’yilganligiga qaramay, xalqning qarsagi va “Sherali” degan talabi ostida musiqa sadolari deyarli eshitilmasdi. Bu ovozlarning hammasi qo’shilib ketib, guvillagan katta bir shovqinga aylanib borardi.
Konsert mutasaddilari xalqning bunday talabi bilan hisoblashish kerakligini tushunib yetishdi, shekilli, ko’p vaqt o’tmay stadionga “Tez yordam” mashinasi kirib keldi va konsert maydonchasi yaqinida to’xtadi. Bir oz vaqt o’tgach sahnaga kasalxona kiyimida Sherali Jo’rayev chiqib keldi. U aytgan gaplarning mazmuni shunday edi: “Birodarlar, hammamiz ham tirik jonmiz. Bugun bir oz kasal bo’lib qoldim …”.
U o’z gapini tugatar-tugatmas xalq yana qarsak chalib qo’shiq talab qila boshladi. Sherali aka, ko’pming muxlislari hurmati, shunday kasal ahvolda ham qo’liga torini olib, ikkita qo’shiq ijro etdi. So’ngra yana bir karra uzr so’rab, yig’ilganlarni keyingi konsertlarga kelishga undadi va albatta qo’shiqlar aytib berish istagi borligi haqida qisqacha gapirdi.
Konsertga asosan Sh.Jo’rayev ijrosidagi qo’shiqlarni tinglash uchun kelgan muxlislar bir oz afsus bilan stadiondan chiqib, uy-uylariga keta boshladilar.
(DAVOMI BOR).
Нобел мукофоти номзоди - миллий ғуруримиз, шоири замон ЮСУФ ЖУМАни озод этиш учун овозингизни ютманг! 