Shuhrat Ahmadjonov: Sherali…(Kitobdan boblar).
5. SH. JO’RAYEVNING 1970-1979 YILLARDAGI FAOLIYATIGA DOIR AYRIM MA’LUMOTLAR
Sh.Jo’rayevning 1970-1979 yillardagi faoliyatiga doir bir qism ma’lumotlar 3-4-bandlarda yozildi. Ushbu bandda ba’zi qo’shimcha ma’lumotlarni keltiramiz, shuningdek Sh.Jo’rayevga qarshi DXQ qilgan tazyiqlar haqida yozamiz.
Sh.Jo’rayev 1970-yillar boshida qo’lda tori bilan ziyolilar orasida olib borgan faoliyatiga doir [17]-maqolada ma’lumot bor. A.Po’latovning [17]-maqolada yozilgan ayrim fikrlariga nisbatan kamina fikri 7-bandda yozilgan.
“1970-yillarning boshida Toshkentda O’zbekiston Fanlar Akademiyasining Kibernetika Institutida ishlardim. Bir kuni kasbdoshlar bilan, bekorchilikdan bo’lsa kerak, gaplashib o’tirganimizda kimdir O’zbekiston radiosi atrofidagi mish-mishlar haqida so’z yuritdi: Radioda qo’shiq aytish uchun talantli bo’lish shart emas. Hamma narsa boshliqlarning qo’lida. Istagan odamlarini radioga chaqiradilar, istamaganlarini chaqirtirmaydilar. Istash-istamaslari esa ularga beriladigan poraga bog’liq.
Ichimizda Zafar ismli vodiyli yigir bor edi. U bu gaplarni tasdiqlab, Sherali ismli talantli yosh xonanda do’sti borligini, uni ayniqsa yoshlar juda sevsalar ham rahbarlar radioga yaqinlashtirmayotganini aytdi. Shu sababli xonanda kichik guruhlar ichida san’atini namoyish qilish bilan chegaralanarkan, biron bir yerga taklif qilinsa, rad etmas ekan. Uni qadrlaydiganlar turli mehmondorchiliklarga chaqirib, ma’naviy qo’llab-quvvatlashga intilarkanlar. Xullas, biz ham Sheralini osh qilib chaqirib qo’shiqlarini eshitadigan bo’ldik.
Bir necha kundan keyin bir do’stimizning u paytdagi Visokovoltniy massividagi (hozir – 2008 yilda Feruza mavzesi, A.Sh.) kvartirasida 4-5 kishi Sheralini chaqirib mehmon qildik. O’sha kunning tafsilotlari esimda qolmadi, bir ozdan keyin u mashhur bo’lib ketmasa, balki butunlay unutardim ham. Esimda qolgan narsa Sheralining qo’polmi, xirillaganmi, bilmayman, lekin nimasi bilandir odamga yoqadigan ovozi. U aslida aytayotgan qo’shig’ining so’zlarini do’rillagancha biroz cho’zib aytardi xolos, ya’ni mukammal xonanda ovoziga ega emasdi. Buni o’zi ham bilgani uchun bo’lsa kerak, Sherali ashula qilgan she’rlarini mazmuniga qarab, o’zbeklarning ko’pchiligiga yoqadigan nasihat tarzidagilarini tanlardi, xayolimda.” [17]
“Sherali institutni (1971 yili Toshkent San’at institutini, A.Sh) tamomlagach Hamza nomidagi teatrda ishga kirmoqchiydi. Biroq taqsimot komissiyasi uni respublika filarmoniyasiga ishga tayinladi. Bu paytlarda uning shuhrati kundan-kunga ortib borar, hammaning og’zida uning nomi edi. Hatto bir gal uning konserti o’n kun davomida uzluksiz davom etgan. O’shanda nomini afishaga xaybatli harflar bilan yozishgandi.
Hamkasblaridan biri: Necha yildan beri shu yerda yurib, nomimiz biron marta loaqal gugurt cho’pidek qilib yozilganini ko’rmadik. Manavinga o’xshagan kecha kelganlarning ismini odamday harfda yozishgani nimasi?! – dedi. Sherali bu gapga indamay kulib qo’ya qoldi.
Oradan ikki hafta o’tdi. Ertalab ishga kelganda uni o’sha kishi kutib oldi.
- Kechagi afishani ko’ru, bugungi gazetani qara, - dedi u.
- Ha, nima gap? – so’radi Sherali kulib.
- Ma, o’zing o’qib ko’r, nimaligini shunda bilasan.
U gazetani qo’lga oldi: “Lentadagi og’ular” nomli felyeton bosilgan ekan. Bir necha mistik xonandalarni birmuncha tanqid qilishgan-da, unga kelganda toza oshirib yuborishgan.
Sherali bir kun shunday bo’lishini bilar, ichdan ezilib yurardi. Hali o’smir paytida taniqli xonandalardan birining oldiga maslahat so’rab borgandi. U kishi kalondimog’lik bilan: “Uka, ovora bo’lmang, bu yo’ldan qayting, sizdan hech qachon san’atkor chiqmaydi”, - dedi. Bu gap Sheraliga yomon ta’sir qildi. Yosh qalbiga undan o’ch olish, unga “ko’rsatib qo’yish” istagi olovlandi. Tinimsiz mashq qila boshladi. O’rgangan qo’shiqlari orasida Xaziniy (1-ilovaga qarang), Qoriy va Mashrab g’azallari bilan aytiladigan uchta mistik ashula ham bor edi. Bular esa tinglovchilarga ko’proq yoqardi. Buni sezib qolgach, yosh hofiz hamma joyda ularni albatta aytardi. Qanday qilib bo’lmasin, odamlar og’ziga tushish; uning shashtini qaytargan hofizdan o’ch olishni o’ylaganidan edi bu. Institutga kirgach, bularni aytmay qo’ydi. Ammo bunga bugunga kelib e’tibor berishgandi. Ularni keyinchalik mutlaqo aytmay qo’yganini emas, ular ancha ilgari magnit lentalaridan joy olib odamlarga tarqalib ketganini hisobga olishdi va mana shunga urg’u berishdi.” [16, 18-19-b.]
“Shu paytda uni Samarqand oblastiga gastrolga jo’natishdi. Yigirma kun ichida 38 ta konsert berdi va natijada “O’zbekkonsert” plani bajarildi. Ertasigayoq unga: “Zudlik bilan Toshkentga yetib kelish” haqida xabar bordi.
Respublika madaniyat ministrligi teatr va musiqa tashkilotlarining Bosh boshqarmasi boshlig’i kabinetiga chaqirdilar. Allaqaysi yuqori idoradan bir rus kishi kelgan ekan. (Bir tomondan, Sovet Ittifoqi davrida o’zgacha fikrlovchilar, qamoqxona shevasida gapiruvchilar Davlat xavfsizligi qo’mitasini qisqacha “kontora” (“idora”) deb atashardi. Ikkinchi tomondan, odatda siyosiy rejimga xavf soluvchi axborotlar, jumladan qo’shiqlar masalasi bilan davlatning maxsus xizmat organlari, ya’ni SSSR da DXQ shug’ullahardi. Hozir – Mustaqil O’zbekistonimizda bu masala bilan Milliy xavfsizlik xizmati shug’ullanadi. Bunga yorqin misol qilib hofiz va shoir Dadaxon Hasan qo’shiqlari masalasida 2006 yilda MXX qo’zg’atgan jinoiy ishni va unga shartli ravishda uch yilga qamash haqida sud hukmi chiqarilganini eslatish mumkin ([18]-[24]-maqolalarga qarang). Shu sababli 1970-yillar ikkinchi yarmida bo’layotgan voqeadagi rus kishisi DXQ zobiti bo’lgan, deb hisoblaydi kamina, A.Sh.)
Boshliq uni qabulxonada ko’riboq:
- Qog’oz olib yoz o’sha ashulalaringning tekstini, - dedi o’dag’aylab.
- Ularni aytganimdan beri qancha yillar o’tdi, hozir esimda yo’q, - dedi u.
- Ikki qator bo’lsa ham yoz. Umuman, qayerda, nima qilganingni bittalab yozib ber, - dedi boshliq.
Sherali g’azalning yodida qolgan birinchi satrini yozishi bilanoq boshliq qog’ozni tortib oldi va ovoz chiqarib o’qidi: “To yetim bo’lmay kishi bilmas otaning qadrini”.
- Tushuntirib bering, - deya iltimos qildi rus kishi.
Boshliq “tarjima” qildi: «Пока не станешь сиротой, не знаешь о боге» (“To yetim bo’lmay turib, xudo haqida bilmaysan”, A.Sh.).
E’tiroz bildirishga lab juftlagan hofizni boshliq gapirishga qo’ymadi. Keyin boshqarma qarori bilan Sherali Jo’rayev yakkaxon xonanda sifatida sahnadan chetlatildi. Faqat xordagina ishlashi mumkin emish. Hammasiga qo’l siltab chiqib ketdi va olti oy ishsiz yurdi. (Gap shu yerga kelganda Sherali aka ma’yusgina kulimsirab: Abdulla Oripovning “Olti oykim, she’r yozmayman, yuragim zada. Olti oykim do’stlarim ham pana-panada, Iste’dodim so’nganidan qilar karomat” deb boshlanadigan she’ri yangi chiqqandi. O’shani qayta-qayta o’qirdim” dedilar.)
Sherali shu daqiqadan boshlab umuman qo’shiq aytmaslikka, san’at bilan abadiyan vidolashishga qaror qildi. Qishloqqa qaytib, cho’ponlik qilaman, deb o’yladi. Oradan uch kun o’tdi. To’rtinchi kuni esa yuragi ilk bora sancha boshladi. Hafta kechdi. Vrachlar dori-darmon berishlariga qaramay, sanchiq battar huruj qilardi. Shunda u qo’shiq aytmasa yashay olmasligini angladi. Yana sozini qo’lga oldi …” [16, 19-b.]
Kamina eslashicha, Sh.Jo’rayevni tanqid qiluvchi karikatura “Mushtum” jurnalida 1970-yillar boshida chop etilgandi. Unda qo’lida tor ushlagan muylabli yigit tasvirlangan bo’lib, karikatura yuqori tomonida qandaydir tanqidiy gaplar yozilgandi. (Eslatib o’tamiz: yigitlik paytlarida Sherali akaning mo’ylovi ham bor edi, buni kitobimiz boshida keltirilgan rangli suratda o’quvchimiz ko’rishi mumkin.) Bu karikaturada Sh.Jo’rayev tanqid qilingani haqida biz – talabalar o’zaro qisqacha suhbatlashganimiz kamina yodida qolgan.
“Lentadagi og’ular” felyetoni chop etilgan gazeta va karikatura bosilgan “Mushtum” jurnali sonini keyinroq aniqlashtirib, bu haqda kamina kitobning keyingi nashrida aniq ma’lumotlar berish niyati bor, xudo xohlasa.
Dono xalqimiz: “Mevali daraxtga tosh otadilar” deydi. Ya’ni mevali daraxtning mevasini urib yerga tushurish uchun ba’zilar tosh otadilar. Sovet Ittifoqi kuchishlatar organlari, jumladan DXQ Sh.Jo’rayevni gazeta va jurnallarda asossiz tanqid qilib, xalq orasida turli mish-mishlar tarqatib, uni ishdan ketishga majbur qilib o’z qora niyatlariga erisha olmadilar. Sh.Jo’rayev asosiy hayot yo’lidan, maqsadlaridan voz kechmadi. U o’z imkoniyatlari doirasida haqiqat, adolatni kuylashni davom ettirdi. Shu va shunga o’xshash sabablar tufayli u bugungi kunda millionlab qo’shiq muxlislari e’tirof etgan ulug’ hofiz darajasiga yetdi.
Muallif 1970-yillar o’rtalarida Samarqandda o’qib, ishlab yurgan paytlari Sh.Jo’rayev haqida bunday gapni eshitgandi: u Andijonda bitta kattagina bolalar bog’chasidagi bolakaylarni moddiy jihatdan bir necha yildan beri ta’minlab turgan ekan.
Muallif 1979 yil sentyabridan 1983 yil iyuligacha Moskvadagi N.Bauman nomidagi Oliy texnika universiteti konstruktor-mexanika fakultetining kechki bo’limida o’qib, kunduzi 1981 yil oktyabridan 1983 yil iyuliga qadar “Moskvich” avtomashinasi ishlab chiqaradigan Lenin Komsomoli nomli avtomobil zavodida (AZLK) 3-toifali muhandis-konstruktor bo’lib ishlagandi. Kamina zavoddagi tsexlarga borganida, tushlik paytlarida Farg’ona vodiysidan amaliyot o’tash uchun (praktikaga) borgan yigitlarni uchratib, hol-ahvol so’rab, undan-bundan suhbatlashardi. Ular orasida Sh.Jo’rayev muxlislari ham bor edi.
Muxlislardan biri bilan suhbat paytida Sherali aka farzandli bo’lgan-bo’lmaganligi haqida kamina so’radi. U yigit Sherali aka hozircha farzand ko’rmaganligini aytib, ko’p yillardan beri Andijonda bitta bolalar bog’chasidagi bolakaylarni moddiy jihatdan ta’minlab turganini aytdi. Bu gapni bir necha oylar o’tgach Farg’ona vodiysidan kelgan boshqa yigit ham kaminaga aytdi. Bir-biriga bog’liq bo’lmagan ikki kishi bitta axborotni tasdiqlashi bu faktning amalda bo’lish ehtimolini oshiradi.
Kamina bu haqda eshitganini yozishdan maqsadi quyidagichadir. Ma’lumki, Sherali aka umri davomida Alloh yo’lida savob ishlarni ko’p qilgan mard insondir. U o’zi bu haqda birinchi bo’lib gapirmasligi aniq. Shu sababli 1970-yillarda Farg’ona vodiysidagi bolalar bog’chalaridan birini moddiy tomondan ta’minlab yordam berganligi faktini Sherali akadan uning farzandlari, do’stlari, ayniqsa jurnalistlar so’rab bilishlari va bu haqda aniq faktlarni yozib olmoqlari zarur. Buni aniqlagach, o’sha bog’cha mudirasi yoki xodimasiga uchrab, Sherali aka va uning ehsonlari, savob ishlari haqida so’rab, yozib olinsa yaxshi bo’lardi. Mana shu faktlar asosida maqola yozib, gazeta-jurnallarda yoki Internet-saytlarda chop etilsa a’lo ish bo’lardi. Buni Sh.Jo’rayevning millionlab muxlislari o’qib xo’rsand bo’lishadi, yoshlarimizga saxiylik borasida ham o’rnak bo’larli misol bo’lardi. Avlodlar esa Sherali aka hayoti haqida ko’p seriyali film yaratganlarida bolalarga qilingan xayr-ehson bilan bog’liq voqealar tasvirlangan seriya eng qiziqarli seriyalardan biri bo’ladi.
(DAVOMI BOR).
Нобел мукофоти номзоди - миллий ғуруримиз, шоири замон ЮСУФ ЖУМАни озод этиш учун овозингизни ютманг! 