Shuhrat Ahmadjonov: Sherali…(Kitobdan boblar).

6. BIROVLAR QO’SHIG’I BILAN OLQISH OLMOQCHI BO’LGAN XONANDAGA SH.JO’RAYEVNING 1986 YILDAGI HOFIZLARCHA CHIROYLI JAVOBI

Bu voqea toshkentlik xonanda G’ulomjon Yoqubov bilan bog’liqdir. Avval u haqda O’zbek Milliy Ensiklopediyasida yozilgan maqolachani keltirib o’taylik.

“Yoqubov G’ulomiddin Toshpo’latovich (1950.1.3, Toshkent) – xonanda, O’zbekiston (1987) va Qoraqalpog’iston (1991) xalq artisti. Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutini tugatgan (1973). Jizzax musiqali drama teatrida (1973-74), O’zbek davlat filarmoniyasi (1967-68 va 1974 yildan) da yakkaxon xonanda. Kuchli, jarangdor va yoqimli ovozga ega. Ijrochilik uslubi emosional ko’tarinki ruhi bilan ajralib turadi. Repertuari muhabbat, go’zallik, Vatan mavzuidagi, shuningdek, raqsbop qo’shiq va ashulalardan iborat. Sozanda va bastakor A (Abdulhoshim) Ismoilov (1952.9.6, Farg’ona viloyati, Quva tumani, A.Sh.) bilan hamkorlikda yaratgan qo’shiqlari ommaviylashgan: “Zilola”, “Sen o’zing”, “Qaraysan”, “Oshiqnoma” va boshqa. Repertuaridan turli xalqlar (ozarbayjon, eron, turk, hind, uyg’ur va boshqa) qo’shiqlari, shuningdek, “Segoh”, “Dugoh”, “Gulzorim”, “Feruz-1-2” kabi o’zbek mumtoz ashulalar o’rin olgan.

1990-yillardan boshlab kompozitor A.Rasulov bilan hamkorlikda zamonaviy estrada qo’shiqchiligi uslubida ijod etmoqda: “Dilorom”, “Begoyim”, “Qomat”, “Ketolmaysan”, “Elim deb”, “Xush kelding muborak sarvarim Navro’z” va boshqalar. Ba’zi qo’shiqlar kuylarini Yoqubov o’zi yaratgan: “Muhabbat”, “Unutilmasin”, “Majnuntol”, “O’ylasam”, “Sening kulishlaring”, “Parvardigor asrasin”, “Bir qarasam” va boshqalar.

“Majnuntol” gramplastinkasi “Melodiya” gramyozuv firmasining “Oltin disk” mukofotiga sazovor bo’lgan (1985). “Do’stlik” (1996), “El-yurt hurmati” (1999) ordenlari bilan mukofotlangan.” [5, 3-j., 505-b.]

Eslatib o’tamiz: G’.Yoqubov o’z ijodi davomida Sovet Ittifoqi kompartiyasi va uning rahbarlarini maqtab, madh etib ko’pgina qo’shiqlar aytgan. Shuning uchun unga 1980-yillar boshidayoq O’zbekistonda xizmat ko’rasatgan artist unvoni berilgan edi.

Kamina adashmasa, 1986 yil bahorida O’zbekiston televideniyesining birinchi kanalida toshkentlik xonanda G’ulomjon Yoqubovning videokassetaga olingan qo’shiqlari ko’rsatildi. U o’zining bir necha qo’shiqlaridan tashqari o’sha paytda O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artistlar bo’lmish Ortiq Otajonovning o’z ustozi, mashhur hofiz Komiljon Otaniyozovga bag’ishlangan “Umr o’tar, vaqt o’tar” va Sherali Jo’rayevning “Nargiz” qo’shig’ini aytdi. Kamina esida qolgani shu bo’ldiki, u “Nargiz” qo’shig’ini Toshkent markazida, “Moviy gumbazlar” choyxonasi yaqinida chiroyli qilib ustma-ust taxlangan toshlar, ya’ni toshli tepalikcha ustiga chiqib, qo’llarini u yoqqa, bu yoqqa yoyib aytgandi.

Ayrim kishilar aytishlari mumkin: “Yosh xonandalar mashhur ustoz hofizlar qo’shiqlarini aytib elga taniladilar. O’sha Sherali Jo’rayev ham, boshqalari ham o’z vaqtida Ma’murjon Uzoqov, Komiljon Otaniyozov qo’shiqlarini aytgan”. Kaminaga bunday gapni 2008 yil 17 fevral kuni Toshkentdagi Yangiobod bozorida 15 yildan beri o’zbek hofizlari va xonandalari qo’shiqlari yozilgan audiokassetalar va disklarini sotayotgan, o’zbek qo’shiqchilik tarixi, hofizlar hamda xonandalar haqida ko’p ma’lumotlarga ega bo’lgan, bolalikdan ko’zi ojiz Toshpo’lat qori Ermatov (1959) aytdi.

Bu borada Sh.Jo’rayevning bunday fikri bor.

“Ma’murjon Uzoqov, Komiljon Otaniyozov, Barno Isoqova, Tavakkal Qodirov – bunday buyuk san’atkorlarni tan olmaslikning iloji yo’q. Ularsiz qo’shiqchi bo’lmasdik ham. Shunday ustozlarning qo’shig’ini o’z vaqtida kuylaganman. Faxriddin Umarov, Kamoliddin Raximov … bu yog’iga o’rtoqlar boshlanadi (kuladi)”. [6]

E’tibor bering: bu yerda gap yosh xonandalarning mashhur hofizlar qo’shiqlarini aytishi borasida bormoqda. Bu to’g’ri fikrdir. Lekin O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist unvoniga ega bo’lgan xonanda O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artistlar qo’shiqlarini shu qo’shiq mualliflaridan ruxsat olmay aytishi mualliflik huquqiga ham, axloq-odob talablariga ham ziddir.

G’.Yoqubov o’zining ko’p yillik ijodi davomida Sovet Ittifoqi kompartiyasi va uning rahbarlarini maqtab, madh etib qo’shiqlar aytgani uchun 1987 yilda unga O’zbekiston xalq artisti unvonini berishgan edi. U hozirgacha – 2008 yil fevralida ham yurtboshini maqtab, madh etib qo’shiqlar kuylamoqda.

Yaqinda – 2008 yil 16 fevral (shanba) kuni muallif Toshkentdagi Yangiobod bozoriga, Toshpo’lat qori Ermatov oldiga bordi. Shunda yoshi 65-larda bo’lgan, G’.Yoqubov qo’shiqlari muxlisi uning diskini surishtirdi. T.Ermatov diskni xaridor qo’liga berar ekan: “Bu diskda G’ulomjon Yoqubovning 154 ta qo’shig’i bor. “Partiya, yurtboshi” deb aytgan qo’shiqlarini chiqarib tashlaganmiz” dedi. Shu gapdan keyin o’sha muxlis 3000 so’m to’lab, G’.Yoqubov qo’shiqlari yozilgan diskni sotib oldi.

1986 yil voqealariga qaytaylik.

G’.Yoqubov televizorda aytgan qo’shiq sabab bo’ldimi, har holda 1986 yil kuzida Sh.Jo’rayevning yangi audiokassetasi xalq ichida tarqala boshladi. Unda birovlar qo’shig’i bilan olqish olmoqchi bo’lgan xonandaga Sh.Jo’rayev chiroyli qo’shiq yordamida hofizlarcha javob bergandi. Bu audiokasseta hozirgacha bozorlarda musiqa shinavandalariga sotilmoqda.

Ushbu javobni kamina o’z arxivida bo’lgan audiokassetadan to’liq keltirib o’tmoqda. Undagi to’rtliklarning ayrimlari shoir Abdulla Oripov qalamiga mansub, ayrimlari Sherali aka to’rtliklaridir. Ularning manbasini kamina ko’rsatib o’tmoqda. A.Oripov to’rtliklaridagi ba’zi bir so’zlarni Sh.Jo’rayev boshqa so’z bilan almashtirib aytgan. Lekin bu bilan to’rtlik yanada chiroyliroq, kuchliroq jaranglagan.

“Oqar daryoga ham kimdir band bergan,
Hayot kimga asal, kimga qand bergan.
Sarkash deb, ey do’stim, koyima meni,
G’anim senga emas, menga pand bergan. [25, 1-j., 312-b., 1977 yil]

Tinglang, bu abadiy sado bo’ladi,
Gadoning dushmani gado bo’ladi.
Ikkisi bir-birini tugatguncha, to
O’rtada bu dunyo ado bo’ladi. [25, 1-j., 252-b., 1975 yil]

G’iybatchining mish-mishidan ranjimang aslo,
Nima bo’lsa asli naslida bo’lgan.
Onasin qornidan o’zi ham hatto,
Turli mish-mish bilan dunyoga kelgan. [25, 1-j., 275-b., 1977 yil]

Dunyo senu mendan qolmog’i ayon,
Bizdan so’ng boshqalar bo’lmog’i ayon.
Tanamiz tuproqqa qo’yilgach shu on,
Yana dunyo nomini olmog’i ayon.

Bozorga o’xshaydi asli bu dunyo,
Bozorga o’xshaydi so’z ham ma’no.
Ikkisi ichra ham ko’rmadim aslo,
Molim yomon degan kimsani ammo. [25, 1-j., 231-b., 1973 yil]

G’alati tuzilgan asli bu dunyo,
Uning bundayligin kim ham bilibdi.
Hayvonot bog’ida, qarang, bir inson
Maymunni masxara qilib turibdi.

Nasabi past nomardga o’rgatsang agar,
O’rgatganingdan so’ng ko’zingni o’yar.
Sidqidildan xizmatni qilsang mabodo,
Seni nodon deb ustingdan kular.
Bunchalar razillik qilmasa ham u,
Yaxshilab ostingga sovuq suv quyar.
Beburd birov qilgan yaxshilikni “men qildim” deydi.
Nokas nuqul mardni risqini yeydi.
San’atkor bo’lsachi agar u beburd,
Birov qilgan qo’shiqni “meniki” deydi.

Mana shu aytayotgan to’rt qatorlik so’zim mani shogirdlarimga tegishli emas. Man shogirdlarimni mani yo’limdan borib, mani qo’shiqlarimni aytib baxtli, omadli, yaxshi xonanda bo’lib yetishishini xohlayman. Hozir aytayotgan to’rt qatorligim boshqa odamlarga tegishli. Uni sizlar yaxshi bilasizlar.

San’atkorlarda bor ajib bir naql,
Ne bo’lsa ham o’zingnikin aytganing ma’qul.
Birovlar qo’shig’i bilan olqish olguncha,
Botqoqda qurbaqa bo’lib sayragan ma’qul. [26, 37-b., 1986 yil]

Qirq yilda bir yigit kelar dunyoga,
Yigit yuzin yerga qaratma, falak!
Yer chizib qolmasin xalqi qoshida,
Bo’lar-bo’lmas ishga qilmag’il halak. [26, 37-b., 1986 yil]

Nomard tug’ilganda g’amdan yig’laydi,
Mard tug’ilganda nima qiladi?
Ey o’g’il, haddingda tur! Otang seni sotganda ham.
Inchunun, mushfiq onangni so’zlari botganda ham.
Otaga tik boqma, iymoning saqla,
Farzandsan, sen doim burchingni oqla.

Otaga cho’p otsang kun o’tib bir kun,
Farzanding senga tosh otmog’i mumkin.
Kimki ota ham onani ursa,
Uxlasin-u, ko’zi yumuq uyg’onsin.
Kimki urf-odati, san’atin sevmasa,
El ichinda tulki, shoqol nomini olsin.”

Ushbu javob sabab bo’ldimi, yoki boshqa sabab tufaylimi, G’ulomjon Yoqubov 1986 yildan beri Sh.Jo’rayevning o’sha qo’shig’ini ham, boshqa qo’shiqlarini ham aytgan emas. Lekin G’.Yoqubov Ortiq Otajonov birinchi bo’lib aytgan “Umr o’tar, vaqt o’tar” qo’shig’ini hamon, ya’ni 2008 yilda ham radio to’lqinlari orqali ijro etib kelmoqda …

Shu yerda muallif maxsus xizmat organlarining ish uslublaridan biri haqida to’xtalib o’tishni o’rinli, deb hisoblaydi. Odatda maxsus xizmat organlari, jumladan Sovet Ittifoqi davrida Davlat xavfsizligi qo’mitasi biror hur fikrli insonning shaxsiy hayotini muammolar girdobiga olib kirish uchun quyidagi usulni qo’llardi. “Sopini o’zidan chiqarish”, “Gadoning dushmani gado bo’ladi” degan naqlga amal qilib, maxsus xizmat organlari xonanda bilan xonanda, shoir bilan shoir, yozuvchi bilan yozuvchi, olim bilan olim, qo’shni bilan qo’shni, hatto aka bilan uka, ota bilan bola va hokazolar o’rtasida tortishuv, mojaro chiqarish va mojaroni iloji boricha avj oldirib, yillar davomida cho’zishga harakat qilardi. Shu holda o’sha hur fikrli ziyolining mavjud siyosiy rejim rahbariyati va qonunbuzuvchi amaldorlariga qarshi faoliyatini jiddiy kamaytirish, hatto butunlay barham toptirish imkoniyati paydo bo’ladi.

Haqiqiy hur fikrli fuqaro bunday provokatsiya ortida ko’pincha kuchishlatar organlar, ayniqsa maxsus xizmat organlari turganligini anglamog’i, bilmog’i kerak. Aks holda bu kichik janjal yillar davomida cho’zilib, sudma-sud bo’lishi, ko’pgina pul sarflanishi, shuningdek asablarga ziyon bo’lib, sog’likka kattagina zarar yetkazishi turgan gap. Shuning uchun hur fikrli fuqaro buni tushunib, anglab, janjalni iloji boricha tezroq to’xtatish, hech bo’lmaganda o’zini sal chetga olish, va shunday yo’llar bilan kelishmovchilik olovining lovullab yonishiga yo’l qo’ymaslikka harakat qilmog’i kerak. Bu masalada hofiz Sh.Jo’rayevning yuqorida bayon qilingan chiroyli yechimi vatandoshlarimizga misol va o’rnak bo’lishi mumkin.

Kuchishlatar organlar bunday noqonuniy uslublarni yashirincha bugungi kunda ham qo’llashmoqda. Misol tariqasida mashhur ayol xonandamiz, yulduzimiz Yulduz Usmonova va bir xonanda ayol o’rtasida turli tortishuv, mojarolar chiqarishga harakat qilishayotganini eslatib o’tish yetarlidir. Bu tazyiqning davomi sifatida Yulduz Usmonova qo’shiqlarini televizor orqali ko’rsatish keskin kamaytirildi.

Ayrim o’quvchilarimiz savol berishlari mumkin: “Bu usul nima uchun Yu.Usmonovaga qarshi qo’llanilmoqda?” Buning sabablaridan biri shundaki, Yu.Usmonova bir necha yil ilgari O’zbekistondagi mavjud rejim bilan aloqalarni kamaytirdi, turli ommaviy bayram konsertlarida rejim rahbarlariga xush keladigan qo’shiqlarni aytmay qo’ydi …

Shu yerda shoir Abdulla Oripovning Yulduz Usmonovaga bag’ishlab yozgan “Jannat qushi” nomli sakkiz qatorli she’rini keltirib o’tish o’rinlidir.

Jannatga yetishgan banda yayrabdi,
Ohang eshitilmish dastavval unga.
Bugun bog’imizda bulbul sayrabdi,
Tegmangiz loaqal siz shunga …
Mayli, u to’ygancha taratsin ohang,
Tegmangiz, muxlislar, tegmang, darg’alar!
Axir quloqlarni qilganda batang
Qag’illayverishib qarg’alar … [27, 66-b.]

Shunday qilib, hofiz va shoir Sh.Jo’rayev maxsus xizmat organlarining qora ishlariga chiroyli javob bera olish mumkinligini amalda isbotlagan hofizdir, deb hisoblaydi kamina.

(DAVOMI BOR).

Ответить

Вы должны авторизоваться для отправки комментария.