Shuhrat Ahmadjonov: SHERALI… (Kitobdan boblar)

sherali3.jpg7. SH. JO’RAYEVNING 1989 YIL 1 OKTYABRDAGI KONSERTI
O’zbekiston “Birlik” xalq harakati (BXH) raisi, bugungi kunda muxolifatdagi norasmiy “Birlik” xalq harakati” partiyasi raisi Abduraxim Po’latov o’zining tanqidiy maqolalarida yozishicha, 1989 yil 1 oktyabr kuni Toshkentdagi Xalqlar Do’stligi san’at saroyida Sh.Jo’rayevning konserti bo’lib o’tgan. Shu masalada A.Po’latov bir necha maqolalarda Sh.Jo’rayevni tanqid qilgan. Ushbu bandda o’sha 1989 yil voqealarini va konsert masalasini bir oz tahlil etamiz.

Ma’lumki, BXH 1988 yil 11 noyabr kuni hofiz va shoir Dadaxon Hasan uyida 18 nafar ziyoli yig’ilib, 11 kishilik Tashabbus guruhi tuzilishidan boshlangan edi. BXH tashkil topishining qisqacha tarixi, A.Po’latovning tarjimai holi, uning BXHga qanday rais bo’lganligi va faoliyatiga doir ayrim ma’lumotlar kaminaning [4] kitobi 1-qismida yozilgan.

A.Po’latov 1989 yil 1 oktyabr kungi konsert sababli Sh.Jo’rayevni tanqid qilib yozgan [17]-maqoladan iqtibos keltiraylik.

“1988-89 yillari hamma Sovet jumhuriyatlarida kabi O’zbekistonda ham milliy-demokratik ruhdagi kuchlar shakllana boshladilar. 1988 yilning noyabrida “Birlik” Xalq Harakatining Tashabbus Guruhi tuzildi, 1989 ning may oyida uning Ta’sis Qurultoyi bo’ldi. Avval Tashabbus Guruhining, so’ngra Harakat Markaziy Kengashining raisligiga saylandim.

“Birlik”ning o’rtaga otgan shiorlardan biri, ayni zamonda asosiysi – “O’zbek tili davlat tili bo’lsin” shiori edi. Bu – millatning shu paytgacha ochiq aytolmagan orzusi edi. Hoziroq o’sha vaqtdagi reallikni bilmaydigan avlod yetishib kelmoqda. Reallik shundan iborat ediki, 1977 yili Boltiqbo’yi va Kavkazdan tashqaridagi Sovet jumhuriyatlarining Konstitutsiyalaridan davlat tili haqidagi modda olib tashlangandi. Bu modda borligida ham rus tilining bosimi ostida yashagan milliy tillar, 1977dan keyin huquqiy asoslaridan ayrildilar. SSSR Konstitutsiyasiga ko’ra davlat tili rus tili bo’lgani uchun o’zbek tili rasmiy doiralardan chetlatildi. Bunday sharoitda, tabiiyki, rus tilini yaxshi bilmaganlar davlat idoralarida karyera qilolmasdilar. Buni tushungan “zukko” odamlar uylarida bolalarining tilini ruschada chiqaraboshladilar, bolalarni ruscha bog’cha va maktablarga berish keskin oshdi. Xullas, tilimizni asta-sekin rivojlanadigan inqirozga mahkum qildilar.

“Birlik” tuzilgan yillari SSSRda butun axborot vositalari davlatning qo’lida, qonunchilik organlari qo’g’irchoq tashkilotlar bo’lishgan. Millatning talabini o’rtaga qo’yishning birdan bir yo’li – ommaviy mitinglar o’tkazish edi. Bu aksima “Birlik”ning ixtirosi emas. Bu narsa dunyoning tajribasidan kelib chiqqan bo’lib, boshqa jumhuriyatlarda ham millatlar shu yo’ldan borishayotgan edi.

“Birlik” ham “O’zbek tili davlat tili” shiorlari ostida mitinglar o’tkazishga boshladi. Bu talabning xalq tarafidan bunchalik dastaklanishini kutmagan hokimiyat dahshatga tushdi. Ammo Moskvaning mahalliy malaylari millatning talabiga quloq solishni emas, uni aldashni uylardilar. 1989 yilning bahorida hamma matbuot organlari hukumat tarafidan tayyorlangan o’zbek tilining statusi (maqomi) haqidagi qonunning loyihasini e’lon qildilar. Unga ko’ra go’yo o’zbek tili davlat tili, deb tan olinsada, lekin amalda hamma narsa rus tiliniki bo’lib qolaverardi. Qonun Oliy Sovetining kuzdagi sessiyasida qabul qilinishi ham ma’lum qilindi.

“Birlik” yoz bo’yi tayyorlanib, sentyabr-oktyabr oylarining har yakshanba kuni Toshkentning Lenin (hozirgi Mustaqillik) maydonida ommaviy mitinglar o’tkazishga qaror qildi. Rejamiz bo’yicha 10 sentyabrdagi birinchi mitingga 100 ming odam, sessiya arafasidagi mitingga 1 million odam to’plash edi. Albatta, ilk maqsadimiz o’zbek tili edi, ammo shu yo’l bilan jamiyatni siyosatlashtirib borib mustaqillik uchun kurashga zamin tayyorlash mumkinligini yaxshi tushunardik.” [17]

“Uning birinchi g’alabasi – keyinchalik “Erk” partiyasining raisi, ammo o’sha zamonda “Birlik”ning rahbariyatidagi Salay Madaminovni osonlikcha sotib olishi bo’ldi. Keyin Salayning atrofidagi yozuvchilarning “Birlik” rahbariyati ichidagi salmog’idan foydalangan hukumat 1989 yil 10 sentyabrga mo’ljallangan mitingni 24 sentyabrga rejalashtirdilar. Hukumatdagilarning fikricha, ichidan zarba olgan “Birlik”ning mitinggiga ko’p odam kelmasligi kerakdi. Ammo bu unchalik puxta tayyorlanmagan mitingga ham taxminan 10 ming odam keldi. O’sha kuniyoq keyingi mitingning kuni deb 1 oktyabr belgilandi.

Karimov va hukumati endi tahlikaga tushgandi. Ular tezlik bilan qarshi choralar ko’raboshladilar. Ularning topshirig’i bilan Salay Madaminov va atrofidagilar “Birlik” Nizomiga xilof ravishda 8 oktyabrga uning Markaziy Kengashi majlisini chaqirib, u majlisda mavjud hukumatga qarshi chiqayotgan Abduraxim Po’latovni raislikdan olamiz, deb e’lon qildilar, hech kim mitinglarga chiqmasin, miting qilish ko’cha changitishdan boshqa narsa bermaydi, deb studentlar orasida propaganda olib bordilar.

Hukumat boshqa choralar ham ko’rdi. Ulardan biri …

Mana nihoyat maqolamiz bosh qahramonining “qahramonligiga” yetib keldik. Shuni eslatish kerak, o’sha zamonda Sherali Jo’rayev studentlar orasida o’ta populyar edi. Uning konsertlariga bilet olish hamma ham muyassar bo’lavermasdi. Tilimizni davlat tili qilamiz, deb maydonlarni to’latayotganlarning salmoqli qismi studentlar ekanligining farqiga yetgan hukumat 1989 yil 1 oktyabr kunduz soat 12 da (miting boshlanish vaqti) Toshkentdagi Lenin nomli Xalqlar Do’stligi saroyida studentlar uchun Sherali Jo’rayevning tekin konsertini uyushtirdi. 70 yil xalqlar ustida istagan ishini qilgan kommunistik hukumatning sinizmi balki tushunarlidir, ammo Sherali hech narsaning farqiga bormaydigan go’dakmidi?…

Baribir mitingni to’xtatolmadilar. O’n minglab kishilarning “Ozodlik! Hurriyat! O’zbek tili – davlat tili!” deb xayqirishidan Toshkent ko’chalari larzaga keldi. Bu dalg’alar bilan taxti ham ag’darilishiga aqli yetib qolgan Karimov darhol til haqidagi qonunning yangi, ancha yaxshi loyihasini e’lon qilishga majbur bo’ldi. Sherali esa uning nazariga tushib, dasturxoniga yaqinlashtirildi …” [17]

Sh.Jo’rayevning 1989 yil 1 oktyabr kungi konsertidan deyarli 19 yil vaqt o’tdi. A.Po’latov BXH lideri sifatida Sh.Jo’rayevga nisbatan o’zi yo’l qo’ygan xatosini tushunmay, haligacha o’z maqolalarida hofizni tanqid qilib kelmoqda. Bu gap tasdig’iga doir yana bitta misol keltiraylik.

“Keyin 1989 yil 1 oktyabr kuni miting o’tkazdik. Hukumat o’sha kuni ertalabdan televideniye orqali hind kinolarini namoyish qilishiga, talabalar uchun Xalqlar Do’stligi saroyida o’sha vaqtda o’ta mashhur bo’lgan, ammo tabiati bilan munofiq Sherali Jo’rayevning tekin konsertini uyushtirishiga qaramasdan, mitingga minglab odam keldi. O’sha kuni keyingi mitinglar 8 va 15 oktyabrga tayinlandi.” [28]

Kamina BXH ga 1988 yil noyabr oxirida a’zo bo’lib, 1989-1990 yillarda BXH Toshkent shahar tashkiloti raisining birinchi o’rinbosari, Mirza Ulug’bek tuman tashkilotining raisi bo’lib faoliyat olib borgandi. Shu sababli muallif BXHning 1989 yil 19 mart kungi dastlabki mitinggida ham, 24 sentyabr, 1 oktyabr, 8 oktyabr va undan keyingi mitinglar hamda tadbirlarda qatnashgan edi. Mana shu voqealar ishtirokchisi sifatida kamina A.Po’latovning Sh.Jo’rayevga nisbatan tanqidlarini bir oz tahlil etishni o’rinli deb topdi.

Kamina A.Po’latov o’z maqolalarida hofiz Sh.Jo’rayevga nisbatan yozgan tanqidiy fikrlariga qo’shilmaydi. Buning bir necha asosi bor.

Birinchidan, Sh.Jo’rayev “O’zbegim” qo’shig’ini 1968 yildan beri xalqimiz orasida ajoyib tarzda ijro etib kelmoqda. Bu qo’shiq o’zbek xalqining buyuk tarixi borligi, millat o’zligini anglashi kerakligi va mustaqillikka erishishga da’vat etuvchi kuchli qo’shiqdir. Bu haqda 2.3-bandda yozgandik. 1968-1989 yillar davomida “O’zbegim” qo’shig’ini eshitib yangi bir avlod voyaga yetdi. Shu sababli 1988 yil 11 noyabrida BXH Tashabbus guruhi tuzilgach, BXHga ko’p yoshlar a’zo bo’la boshladilar va BXH tadbirlarida faol qatnashdilar. 1989 yilda BXH saflarida 1 millionga yaqin O’zbekiston fuqarosi qatnashganligida Sh.Jo’rayev kuylagan “O’zbegim” qo’shig’ining ham kattagina hissasi bor! Shu sababli ziyolilarimiz, muxolifat rahbarlari va faollari, jumladan A.Po’latov o’zbek xalqini uyg’otish va mustaqillik uchun faol harakat qilishga da’vat etuvchi qo’shiq yaratgani uchun shoir Erkin Vohidov va hofiz Sherali Jo’rayevga minnatdorchilik bildirmoqlari kerak!

Ikkinchidan, kamina fikricha, BXH rahbariyati, jumladan uning raisi A.Po’latov 1989 yil 24 sentyabr, 1, 8 va 15 oktyabr kungi mitingga taklif qilib, miting qatnashchilariga qo’shiq aytib berishni iltimos qilishi kerak edi. Bunin uchun A.Po’latov, yana bir-ikki nafar BXH rahbarlari hamda Sh.Jo’rayevni yaqindan bilgan “Birlik” faoli bilan birga hofizning uyiga borishlari lozim edi. Bir piyola choy ustida 1970-yillar boshida Visokovoltniy mavzesidagi uylardan birida bo’lib o’tgan uchrashuv va hofiz ijro etgan qo’shiqlarni eslab, yoshlik yillarini yodga olib, so’ngra Sh.Jo’rayevni Mustaqillik maydonidagi mitingga taklif etishsa yaxshi bo’lardi.

Agar Sh.Jo’rayev Mustaqillik maydoniga kelib, bir-ikkita qo’shiq aytib bersa bormi, keyingi mitingga keluvchilar soni o’z-o’zidan keskin oshib, Toshkent shahri va viloyati tumanlaridan ham, mamlakatimizning boshqa viloyatlaridan ham ming-minglab yurtdoshlarimiz Toshkentdagi mitingda qatnashib, Sh.Jo’rayev qo’shiqlaridan ham zavq-shavq olardilar. Xorij mamlakatlaridagi mitinglarda mashhur xonandalar qo’shiqlar aytgani ko’pchilik bilsa kerak. Shunda Toshkentdagi Mustaqillik maydonidagi mitingchilar soni, A.Po’latov orzu qilganidek, yuz mingdan oshgan bo’lardi.

Lekin hofizni hurmat qilib, uni mitingga taklif etish fikriga A.Po’latov lider sifatida fahmi yetmagan. Bunga rejim rahbariyatidagi to’ralarning fahm-farosati yetib, Sh.Jo’rayevni Xalqlar Do’stligi san’at saroyida konsert berishga taklif etishgan.

Tasavvur qiling, A.Po’latov uch-to’rt kishi hamkorligida Sh.Jo’rayev uyiga borib, mitingda qo’shiq aytib berishni taklif qilishdi, deylik. Agar Sh.Jo’rayev Mustaqillik maydoniga borib qo’shiq aytish taklifiga rad javobini bergan taqdirda ham, u Xalqlar Do’stligi saroyida 1 oktyabr kuni miting bilan bir paytda konsert berishga rozi bo’lmaslik ehtimoli katta bo’lardi.

Ushbu band oxirida kamina Abduraxim Po’latovga nisbatan o’z fikrini ham aytmoqchi. Ma’lumki, A.Po’latov Sovet Ittifoqi davrida 1988 yildan boshlab, keyin 1991 yil 1 sentyabridan Mustaqil O’zbekiston sharoitida ham mamlakatimizdagi politsiyaviy siyosiy rejimga qarshi o’z imkoniyatlari va iqtidori doirasida kurashib kelmoqda. Bu kurashi uchun kamina uni hurmat qiladi.

Oxirgi 20 yillik kurashi davomida A.Po’latov Allohning bir bandasi sifatida bir necha xatolarga yo’l qo’ydi. Shunday xatolardan biri – bu ulug’ hofiz Sherali Jo’rayevga nisbatan qilindi. Bunga doir kamina o’z fikrini ushbu bandda bayon etdi va sabablarini ko’rsatib o’tdi. Umuman, muxolifatning Sh.Jo’rayevdek hofizlarga, ziyolilarga munosabati qanday bo’lishi kerakligi haqida 21-bandda yozamiz.
(DAVOMI BOR).

Ответить

Вы должны авторизоваться для отправки комментария.