Shuhrat Ahmadjonov: Sherali…(Kitobdan boblar)
8. SH. JO’RAYEVNING 1980-1989 YILLARDAGI FAOLIYATIGA DOIR AYRIM MA’LUMOTLAR
Ushbu voqea 1986 yoki 1987 yilda bo’lib, u haqda kaminaga 1994 yilda bir kishi gapirib bergan edi.
Muallif 1994-1997 yillarda O’zbekistondan Rossiyaga vagonda bir necha qutida pomidor, olma, uzum hamda qovun olib borib, sotib tirikchilik qilgandi. Shu yo’l bilan ishlab topgan pulining bir qismini inson huquqlarini himoya qilishga, mamlakatimizda demokratiya uchun kurashga sarf qilgandi.
1994 yil yozida Tolyatti shahridan Samara shahri orqali poyezdda qaytib kelayotib, Qozog’istonning Turkiston shahri vokzalida tushdi. Maqsad – ulug’ shoir bobolarimizdan biri Ahmad Yassaviy maqbarasini ziyorat qilish edi. Maqbara Turkiya ustalari tomonidan ta’mirlanayotgan ekan.
Kamina maqbaraga kirib, A.Yassaviy qabri oldida tilovat qildi. So’ngra maqbarani, uning yaqinidagi eski hammom xonalarini ko’rib chiqayotganida tarixiy kompleksning rahbarlaridan biri (kamina adashmasa, direktor o’rinbosari, familiyasi va ismi esda qolmagan) bilan suhbatlashib qoldi. Nima bo’ldi-yu, suhbat Sh.Jo’rayev mavzusiga o’tdi.
U 1985 yilda (u aytgan sana kamina esida qolmagan) Sh.Jo’rayev bilan bo’lgan uchrashuvlari haqida gapirib berdi.
Ma’lumki, Sh.Jo’rayev 1968 yildagi qattiq qish kunlarida shamollab, kasal bo’lib qolgandi ([13]-ga qarang). Shu sababdanmi, u ko’p yillar davomida farzandli bo’la olmadi. Sh.Jo’rayev 1970-80-yillardayoq nomozxon banda sifatida ham, ziyoli fuqaro sifatida ham ulug’ insonlar dafn etilgan ko’pgina tarixiy joylarga borib ziyorat qildi. U 1985 yilda Turkistondagi A.Yassaviy maqbarasiga ham ziyorat qilgani borgandi.
Sh.Jo’rayev dastlabki marta borganida A.Yassaviy tarixiy yodgorligi rahbarlaridan biri, uning qo’shiqlari muxlisi bo’lmish kishi bilan suhbatlashib qolgan. Sherali aka farzandi yo’qligi, farzand ko’rish orzusi borligi haqida ham aytgan. U kishi Sh.Jo’rayevga dalda berib yaxshi gaplarni gapirgan. Sherali aka minnatdorchilik bildirib, xayrlashib jo’nab ketgan.
O’sha rahbar kishi muallif bilan 1994 yildagi uchrashuv paytida o’z xotiralarini quyidagi gaplar bilan davom ettirgani kamina esida qolgan. “Bir kun kechqurun mana shu eshikni qulflayotsam (1988 yilda, u yodgorlikning temir panjarali eshigini ko’rsatib gapirdi), bir kishi orqamdan kelib quchoqlab oldi. Burilib qarasam – Sherali Jo’rayev! U juda xursand kayfiyatda! Salom-alikdan keyin so’rasam, u: “Tabriklashingiz mumkin, o’g’ilchalik bo’ldim …” dedi kulib. U kishi Sherali aka bilan dildan suhbatlashgan. Sherali aka A.Yassaviy bobomiz maqbarasini ziyorat qilib, kamina adashmasa ertasi kuni Toshkentga qaytgan.
Kamina ushbu ko’ngli ochiq, Sherali aka qo’shiqlari muxlisi bilan bir soatlar suhbatlashib, keyin xayrlashib, Turkiston vokzaliga bordi va poyezdda Toshkentga jo’nab ketdi.
Sovet Ittifoqidagi totalitar tizim davrida Sherali Jo’rayev va Dadaxon Hasandek hofizlarning konsert zallarida qo’shiqlar aytishlariga iloji boricha kam imkoniyat berildi va ular u yoki bu darajada tazyiq ostiga olindilar.
Sh.Jo’rayevning “Haykal qoshida” qo’shig’i O’zbekiston xalq artisti rahmatli Botir Zokirov taklifi bilan yaratilgandi. Bu haqda Sh.Jo’rayev quyidagilarni jurnalistga gapirib bergan. Afsuski maqolada yili aniq yozilmagan.
“Yaxshi savol berdingiz. Sababi yana bir ulug’ inson, zo’r san’atkor Botir Zokirov eslanadigan bo’ldi. U kishi ajoyib inson edilar. She’riyatni qadrlaydigan, nozik qalb egasi edilar. Termizda konsertda edik. Mehmonxonada birga turib qoldik. Konsertdan so’ng kechasi uch-to’rtlargacha she’riyat, san’at haqida suhbat qildik. U kishi “urushdan qaytmagan o’g’lini kutayotgan mushtipar onalarimiz haqida bir qo’shiq qilish kerak-da, Sherali”, deb qoldilar va qanaqa mazmunda bo’lishi kerakligini ham aytdilar. Men kechasi bilan uxlamay she’rni yozib, bastalab, ertasi kuni Botir akaga aytib berdim. Botir aka meni quchoqlab uzoq yig’ladilar. Qo’shiq (“Haykal qoshida” nomli, A.Sh.) ko’pchilikka manzur bo’ldi. Haliyam sevib ijro qilaman.” [14, 8-b.]
Xalqimiz farzandi rahmatli Botir Zokirov haqida qo’shimcha ma’lumot berib o’tsak.
“Botir Zokirov (1936.26.04, Moskva – 1985.23.1, Toshkent) – xonanda (lirik-dramatik tenor), aktyor, rassom. O’zbek zamonaviy professional estrada qo’shiqchi (ijrochi)ligining asoschisi. Toshkent davlat konservatoriyasining vokal fakulteti (1952-1957), Toshkent davlat teatr va rassomlik san’ati institutining rejissyorlik fakulteti (1958-1962)da ta’lim olgan, “Yoshlik” ansabli (1957), O’zbek davlat estrada orkestri (1958-70) yakkaxon xonandasi, Toshkent myuzikxollining tashkilotchisi, yakkaxoni va badiiy rahbari (1972-1978). 1978 yildan “O’zbekkonsert”ning yakkaxon xonandasi …” [5, 4-j., 28-b.]
Kamina 2008 yil 16 mart kuni [26]-kitobni yana bir marta qarab chiqayotib, “Haykal qoshida” she’rining oxirida “1975” yozuvi borligini ko’rdi, ya’ni she’r 1975 yilda yozilgan ekan. Kitobning keyingi nashrida she’rning yuqorida yozilgan tafsiloti 7-bandda keltiriladi. Bir kechada tayyorlangan ushbu qo’shiq matnini ham keltirib o’tsak.
Ona turar, qo’lda guldasta,
Qurol tutgan haykal qoshida.
U tomonga boqardi asta,
Xastalangan ko’zda yosh ila.
Go’yo ona so’zlardi unga,
U ham quloq solar edi jim:
“Aytgil, bolam, seni bu yerda
Ushlab qolgan shuncha yil u kim?
Nega buncha yo’lga qaratding,
Nahot onang unutgan bo’lsang?”
Haykal esa boshin ko’tarib,
Mag’rur boqdi onaizor tomon:
“Onajonim, oq suting haqqi,
Aytganingni men bajo qildim.
Yurtim uchun kerak bo’lganda
Aytganingdek, jon fido qildim.
Kechir meni, aziz onajon,
Kechikkanim boisi shudir.
Endi, ona, boshingni ko’tar,
Axir bugun g’alaba kundir”. [26, 40-б.]
M.S.Gorbachev 1985 yilda Sovet Ittifoqi rahbari (KPSS MQ sining Bosh kotibi) etib saylangach, mamlakatda oshkoralik va qayta qurish e’lon qilindi. Natijada O’zbekistonda ham dastlabki demokratiya shabodalari esa boshladi. Sherali Jo’rayevga O’zbekistonda va xorij mamlakatlarida konsertlar berishga, O’zbekiston radio va televideniyesida chiqishiga bir oz imkoniyatlar yaratildi. Unga 1987 yilda O’zbekiston xalq artisti unvoni berildi.
Ehtimol, bunga O’zbekistonning o’sha paytdagi rahbariyatiga shoir Erkin Vohidovning “Yaxshidir achchiq haqiqat” she’riga Sherali Jo’rayev bastalagan qo’shiq ma’qul kelganligi bir necha sabablardan biri bo’lgandir. Har holda bu qo’shiq o’sha yillarda deyarli har kun radioda va ba’zan televizorda yangrardi …
Aytishlaricha, bu qo’shiq ham o’zining qiziqarli tarixiga ega ekan.
“Hayotiy misol: Toshkentdagi to’ylardan birida shoir E.Vohidov hofizga: “Sherali, yuring, choy quyib beraman”, - deganida, hofiz: - Men ijod qilmay qo’ygan odam bilan choy ichmay qo’yganman, debdilar, yarim hazil-yarim chin ma’noda. Shu gap ta’sir qilibmi, sal o’tmay, shoir “Yaxshidir achchiq haqiqat …” deya boshlanuvchi g’azalni unga keltiribdilar. Hofiz kuy bastalab yaxshi qo’shiq yaratibdi.” [29, 41-son, 5-b.]
Sherali Jo’rayev 1990 yilgacha Vengriya, Ruminiya, Suriya, Amerika Qo’shma Shtatlari, Kanada, Meksika, Misr va Kubada bo’lib, konsertlar berdi [30]. Shuningdek u 1989 yil dekabrida 127-sonli Bobur nomli saylov okrugidan O’zbekiston Respublikasi Oliy Kengashiga deputat etib saylandi [31]. Uning hayotida yangi bosqich boshlandi.
Нобел мукофоти номзоди - миллий ғуруримиз, шоири замон ЮСУФ ЖУМАни озод этиш учун овозингизни ютманг! 
Вторник, Март 18, 2008 at 4:30 пп
Salom Shuhrat aka.
Bu boshqalar kabi mening ham xususiy fikrim xolos. Shu Erkin Vohidovni buncha maqtashingiz kupchilikka menga ham yoqmayapti. Yusuf Jumaev Mamadli Mahmudov haqida emas bu ablah odam haqida yozishingiz bizga tushunarsiz. Nega bir yoqlama ketayapsiz bilmayman. Xalqimizni bugungi ahvolida Erkin Vohidovlarning ham aybi kattaku. Bu haqda hech bulmasa Jahongir akaning yozganlarini uqib chiqing degan bulardim. Ukangiz Bobur.
Среда, Март 19, 2008 at 10:18 пп
Kitob yozganda ayrim joylarda kamchiliklar bo’lishi mumkin. Shunday kamchilikni ko’rsatib berganingiz uchun rahmat.
Men bir qo’shiq tarixi sifatida bergandim. “Yaxshidir achchiq haqiqat” she’ri va qo’shig’i masalasida menda ham ayrim tanqidiy fikrlar bor. Bunga batafsil to’xtalmay kitobimda uch nuqta qo’yib o’tgandim. Chunki bu she’r “Paxta ishlari” davrida yozilgandi. Buni boshqa maqola yoki kitobda tahlil etib, tanqidiy yondasharman (bir-ikki yildan keyin).
Siz e’tiroz bildirgan joyni kitob bandidan olib tashladim.
Uchta bandga ajratdim. Shunday chop etishni davom ettirarsizlar.
Yusuf Jumayev masalasida: men bir paytning o’zida ikkita-uchta katta masalalar bilan shug’ullana olmayman. Hozir deyarli o’n yildan beri yozmoqchi bo’lgan Sherali Jo’rayev to’g'risidagi kitob bilan bandman. Shuni tugatgach, imkoniyatim doirasida Yu.Juma masalasi bilan ham shug’ullanarman, xudo xohlasa.
Kelayotgan Navruz bayramlaringiz bilan tabriklab Shuhrat.
2008 yil 19 mart. Toshkent, soat 20.30.