Shuhrat Ahmadjonov: Sherali Jo’raev (Kitobdan boblar)

10.2. SH. JO’RAYEVGA QARSHI 1992 YILDA UMRA VA HAJ SAFARI BILAN BOG’LIQ HOLDA UYUSHTIRILGAN MISH-MISH TARIXI

Sh.Jo’rayevga qarshi 1993 yildan boshlab uyushtirilgan mish-mish O’zbekiston davlat delegatsiyasining Saudiya Arabistoniga 1992 yil 11-14 aprel kungi safari bilan bog’liqdir.

Avval Islom dinining besh tamali haqida qisqacha ma’lumot beraylik.

“Sevimli payg’ambarimiz shunday buyurganlar:

“Musulmonlik besh narsa (tamal) asosida qurilgan:

Ollohdan boshqa bandalik qiladigan hech qanday tangri yo’qligiga va Muhammad (alayhissalom) uning quli va rasuli ekanligiga ishonish, namoz o’qish, zakot berish, ramazon ro’zasini tutish, haj qilish.”

Janobi payg’ambarimiz aytganlaridek, islomiyat mana shu besh tamal asosiga barpo etilgan. Mo’’minning komil musulmon bo’lishi Islomning besh tamaliga rioya qilish bilan amalga oshadi.

1. Ollohning borligiga, birligiga, Hazrati Muhammad (alayhissalom) uning quli va payg’ambari ekanligiga ko’ngildan ishonish va buni tilda: (kitobda quyidagi so’zlar arab alifbosida ham yozilgan, A.Sh.)

“Ashhadu an la ilaha illa’lloh va ashhadu anna Muhammadan abduhu va pasuluh”, deb aytish.

2. Dinning tayanchi bo’lgan besh vaqt namozni o’qish.

3. Ramazon oyida ro’za tutish.

4. Din bo’yicha boy hisoblangan kishilar yilda bir marta molining zakotini berishi.

5. Sog’ bo’lsa va puli yetsa, umrida bir marta haj ibodatini amalga oshirish.” [39, 27-28-b.]

Endi O’zbekiston davlat delegatsiyasining Saudiya Arabistoniga 1992 yil 11-14 aprel kungi safari haqida mamlakatimiz matbuotida chop etilgan ayrim ma’lumotlarni keltirib o’tsak.

“1992 yil 11-14 aprel kunlari (hijriy qamariy 1412 yil shavvol oyining 8-11 kunlari, A.Sh.) O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov boshchiligidagi O’zbekiston davlat delegatsiyasi Saudiya Arabistoniga rasmiy tashrif buyurdi.

Delegatsiya a’zolari 11 aprel kuni Toshkentdan Jidda shahriga uchib kelishdi. Islom Karimov hamda uning hamrohlarini Saudiya Arabistoni podshosi Fahd ben Abdul Aziz al-Saud kutib oldi.

12 aprel kunning ikkinchi yarmida Islom Karimov boshchiligidagi respublika delegatsiyasi a’zolari kiyimlarini ixromlarga almashtirishib, Makkai mukarramaga borishib, Ka’batullohning atrofini yetti marta aylanib, Qora toshni tavof qilishdi, ikki rakat nafl namozini o’qishdi, Obi Zamzam suvidan ichishdi.

Ular Saudiya Arabistoni podshosi Fahd ben Abdul Aziz al-Saud janobi oliylarining marhamatiga ko’ra Ka’batulloh – Ollohning uyiga kirib ziyorat qilish va nomoz o’qishdek buyuk sharafga muyassar bo’lishdi! Keyin Safo va Marva tepaliklariga ko’tarilishib, duolar o’qishdi.

13 aprel kuni delegatsiya a’zolari Jiddadan Madina shahriga borishdi. Saudiya Arabistoni va O’zbekiston bayroqlari bilan bezatilgan aeroportda yuksak mehmonlarni Madina amiri Abdul Majid ibn Abdul Aziz hamda boshqa rasmiy kishilar kutib olishdi.

Delegatsiya a’zolari jahondagi yana bir muqaddas shahar – Madinai Munavvarada bir necha soat davomida bo’lishdi va bu yerda ham o’z musulmonlik burchini ado etishdi: Payg’ambarimiz Muhammad Alayhissalomning qabrlarini ziyorat qilishdi. Islom Karimov boshchiligidagi O’zbekiston Respublikasi delegatsiyasining Saudiya Arabistoniga rasmiy tashrifi 14 aprel kuni nihoyasiga yetdi.” [40]

Ma’lumotlarga ko’ra, O’zR davlat delegatsiyasi tarkibida o’sha yillarda O’zR Oliy Majlisining deputati, hofiz Sherali Jo’rayev ham bo’lgan.

O’zR Prezidenti I.Karimov 1992 yil 11-14 aprel kunlari Saudiya Arabistoniga davlat tashrifi bilan borib kelgach, o’z ma’ruzalaridan birida bu haqda to’xtalib o’tdi. U Prezident apparati va mutaxassislar tayyorlab bergan ma’ruza matnini o’qishdan to’xtab, zaldagilarga qarab gapirdi va jumladan bunday mazmunda dedi: “Men oddiy Prezident emas, hoji bo’lgan Prezidentman”. Kamina buni televizor orqali shaxsan ko’rgan edi.

Endi “Prezident I.Karimov hojimi?”degan savolga javob topaylik. Buning uchun Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining [41]-kitobidan haj va umra ibodatlari haqida yozganlaridan qisqacha ma’lumot keltiraylik.

“Alloh taolo:

“Haj ma’lum oylardir”, (Baqara, 197) degan.

Demak, hajni ado etish uchun ma’lum vaqt, ma’lum oylar e’tiborga olinadi.

Shavvol va zulqa’da oylari to’liq, zulhijja oyining birinchi o’n kuni haj oylari hisoblanadi. Mana shu paytda hajni niyat qilib ehromga kirsa bo’ladi. Albatta, zulhijja oyining o’ninchi kuni, ya’ni, Qurbon hayiti kuni bundan mustasno.” [41, 33-b.]

“Haj” so’zi lug’atda “ulug’ narsani qasd qilish” degan ma’noda kelsa, Islom shariatida esa, haj maxsus amallar bilan maxsus ibodatni ado etish tushuniladi.

Maxsus zamon.

Haj faqat maxsus vaqtda ado qilinadi. Xususan, uning bosh rukni – Arafotda turish zulhijja oyining to’qqizinchi kuni bo’lishi shart. Boshqa vaqtda har qancha tursa ham haj hisoblanmaydi.

Maxsus makon.

Haj ibodatini ado etish uchun Alloh tomonidan iroda qilingan Masjidul Harom, Arafot, Muzdalifa, Mino kabi joylar maxsus makon hisoblanadi. Boshqa joylarda bu ibodatlarni ado etish mumkin emas.

Maxsus amallar.

Bunda ehrom, Ka’bani aylanib tavof qilish, Safo va Marva orasida sa’y qilish, Arafotda turish, Muzdalifada tunash, shaytonga tosh otish kabi amallar ko’zda tutilgan.

Bu ibodat ahli ayolining hojatidan ortiqcha yetarli mablag’i bor, sog’lom, omonlikdagi xotirjam musulmonga umrida bir marta farz bo’ladi.

Umra esa, lug’atda “ziyorat” va “obodlik” ma’nolarini bildiradi. Islom shariatida esa, Baytullohni tavof qilib, Safo bilan Marva o’rtasida sa’y qilib bajariladigan maxsus ziyoratga aytiladi.” [41, 182-183-b.]

Yuqorida ta’kidlaganimizdek, O’zR Prezidenti I.Karimov boshchiligidagi davlat delegatsiyasi Saudiya Arabistoniga 1992 yil 11-14 aprel, ya’ni hijriy qamariy 1412 yil shavvol oyining 8-11 kunlari tashrif buyurishgan.

Birinchidan, I.Karimov va uning hamrohlari Safo va Marva tepaliklariga ko’tarilgan bo’lsalarda, haj ibodatining muhim sharti bo’lgan Arafotda turgan emaslar (“Arafot Makkai mukarramaning sharqiy tarafidagi va undan 12 mil uzoqlikdagi makon” [41, 119-b.]).

Ikkinchidan, hajning bosh rukni – Arafotda turish zulhijja oyining to’qqizinchi kuni bo’lishi shart. Boshqa vaqtda, masalan, I.Karimov borgan shavvol oyining 8-11 kunlarida, har qancha tursa ham haj hisoblanmaydi.

Demak, O’zR Prezidenti I.Karimov ham, davlat delegatsiyasining boshqa a’zolari ham, jumladan Sherali Jo’rayev ham 1992 yil 12 aprel kuni ehrom kiyib, Makkai mukarramaga borishib, musulmonlik burchini ado etganlarida faqat umra ibodatini qilganlar. Haj ibodatini to’liq bajargan fuqarolargina hoji deb atalishini hisobga olsak, Prezident I.Karimov hoji emas, balki umra ibodatini bajargan Allohning bir bandasidir.

Yoshligidan nomozxon bo’lgan hofiz Sh.Jo’rayev haj va umra farqini tushunadi. Shu sababli u, ayrim ma’lumotlarga ko’ra, Saudiya Arabistoniga O’zbekiston davlat delegatsiyasi tarkibida borib kelgach, alohida haj safariga ham borgan. U bu safar haj ibodati talablarini to’liq bajarib, hoji bo’lib qaytgan.

Ehtimol, Sh.Jo’rayev hoji bo’lib qaytgach, birorta davrada yoki telefon orqali suhbatda haj va umraning farqi, 1992 yil 11-14 aprel kungi ziyorat faqat umra ziyorati bo’lganligi sababli hajga alohida borganligini gapirgan bo’lishi mumkin.

O’zbekiston maxsus xizmat organlari rahbarlari bilan bog’liq kimsalarning og’zaki buyrug’i ko’ra xalq orasida “Sherali Jo’rayev I.Karimov bilan birga Saudiya Arabistoniga borganidagi ibodat haqida u debdi, bu debdi. Shu sababli Prezident I.Karimov va Sh.Jo’rayev o’rtasida munosabatlar sovuqlashib, unga konsert berish, uning qo’shiqlarini radioda eshittirish va televizorda ko’rsatish taqiqlanibdi” degan mish-mish gaplarni 1992 yil kuzidan boshlab tarqatishdi.

Muallif kitobni yozayotgan 2008 yil fevral kunlaridan birida kaminaning tanishi ushbu mish-mishni aytdi. Demak, bu mish-mishni ayrim fuqarolar hali ham gapirib yurishibdi.

Kaminaning shaxsiy fikricha, bunday mish-mish gaplar kuchishlatar organlar tashabbusi bilan tarqatilgan. Maqsad: Sh.Jo’rayevdek el sevgan hofizni xalqdan uzoqlashtirish, chetlashtirish, iloji boricha unga erkin qo’shiqlar kuylashiga imkon bermaslikdir, uning hur fikrligini, qo’shiqlarini bug’ishdir …

Ответить

Вы должны авторизоваться для отправки комментария.