Shuhrat AHMADJONOV :Kamida 2 kishi halok bo’ldi

Bugun – 2008 yil 5 may kuni Toshkentda “Karvon” bozori (“O’rikzor” mahallasi) yaqinida portlash ro’y berdi. “Karvon” bozori qarshisida, katta betonli yo’l bo’yida, “O’rikzor” mahallasiga buriladigan yo’l burchagida ikki qavatli “Eleron” magazini bor. Uning yonida bir qavatli “O’rikzor” kafesi, so’ngra kichikroq xo’jalik mollari magazini joylashgan. Shu xojalik magazini yonida, temir panjara ortida gaz ballonlariga kislorod to’ldirib beruvchi va turli payvandlash ishlari uchun tovarlar sotadigan (ayrim kishilar aytishicha payvandlash ishlari ham olib boriladigan) xizmat ko’rsatish korxonasi (ustaxonasi) joylashgan. Pangara yuqorisiga, ustaxona tomi bug’otiga katta harflar bilan “KISLOROD” deb yozib qo’yilgan.

Kamina bugun – 5 may kuni soat 13.45 da “Karvon” bozoriga avtobusda kelganida, shu korxona va magazin oldidagi kattagina maydon lenta tortib yopilgan, militsiya, favqulodda vaziyatlar vazirligi zobitlari, prokuratura, maxsus xizmat organlarining fuqaro kiyimidagi xodimlari yurishardi. Bunda beshta “tez yordam” mashinasi, besh-oltita ichki ishlar vazirligi mashinalari, favqulodda vaziyatlar vaziligining mashinalari va undan tushgan ko’pgina xodimlar bor edi (masalan, FVV ga qarashli 10 BA 747 sonli “ErAZ” markali mashina ichida o’ndan ortiq FVV formasidagi xodimlar buyruq kutib o’tirishardi).

Kamina falokat ro’y bergan joydan 30-40 qadamcha narida qarab turgan kishilar va bolalardan surishtirib quyidagilarni aniqlashtirdi.

Bugun odatdagidek 10 AR 808 sonli yuk tashish mashinasida 40 taga yaqin eski kislorod ballonlari ustaxonaga olib kelingan. Ikki ishchi yigit shu gaz ballonlarini mashinadan tushira boshlashgan. 30 tacha ballonni yerga tushirishgach, navbatdagisini tushirayotganida soat 11.30 larda qandaydir sabab bilan gaz balloni portlab ketgan.

Portlash juda kuchli bo’lgan: pastdagi yigit portlash zarbidan uch metrcha uchib o’tib, 11O 55 43 kul rang “Jiguli” avtomashinasiga kelib urilgan. Uning yarim badani mayda-mayda go’sht bo’laklariga bo’linib 30 metrgacha yerga sochilib ketgan. Kamina shunday sochilib yotgan uch bo’lak go’sht parchasini ko’rdi. Kattaroq go’sht parchalaridan birining ustiga oq sellofan qop yopib, ustidan tosh bostirib qo’yilgan ekan. O’sha yerda turgan yigitlardan birining aytishicha, u portlash ro’y berganida, ya’ni hali kuchishlatar organlar xodimlari kelmasdan burun kelibdi, va bu odam kallasining bir bo’lagi ekanligini ko’ribdi.

11 O 55 43 “Jiguli” mashinasi yonida yigitning yarimta tanasi yotardi. Uning ustiga naridan-beri qilib oq sellofan tashlab qo’yilgan bo’lib, sellofan ostidan bitta yalang oyoq ko’rinib turardi. “Jiguli” oynalari chil-chil sinib ketgan, yigit kelib urilgan tomoni inson qoni sachrashi natijasida qon bilan buyalib qolgan edi.

10 AR 808 yuk mashinasi orqa tomonidagi yerga ham oq sellofan to’shalgan edi. Bu sochilib ketgan odam go’shti parchalarini bosmaslik uchundir, balkim. Soat 14.30 larda uch xodim qora sellofanga o’ralgan narsani 15 qadamcha narida turgan “tez yordam” mashinasi oldiga olib borishdi. Kamina fikricha, bu mashina yuqorisida turib gaz ballonlarini olib berib turgan yigitning qolgan yarimta jasadi edi. Fuqaro kiyimidagi ayrim xodimlar va tibbiyot xodimlari qora sellofanni bir oz ochib ko’rib ketishdi.

Soat 14.30 larda FVVning olti nafar xodimi portlash ro’y bergan joyni o’rganib, qo’llaridagi daftarga ayrim narsalarni yozib ola boshladilar. 10 AR 808 yuk mashinasi yaqiniga 12 AF 417 sonli yuk mashinasi kelib to’xtadi. Ustaxona ishchilari chaqirib keltirildi. FVV va ustaxona ishchilari birgalikda yerga tushirilgan 30 tacha gaz ballonlarini 12 AF 417 sonli mashina bortiga orta boshlashdi. Bu ballonlarni olib borib tekshirish uchun mashinaga ortgan bo’lsalar kerak, deb taxmin qiladi kamina.

Portlash ro’y bergan va kamida ikki kishi halok bo’lgan joyda birorta yig’lagan kishini kamina ko’rmadi. Ya’ni halok bo’lgan yigitlar O’zbekistonning boshqa viloyatidan kelgan bo’lsalar kerak. Aks holda bular bilan birga ishlagan ishchilar yaqin kishilariga xabar bergan va qarindoshlari yetib kelgan bo’lardilar.

Portlash natijasida xo’jalik magazini va “O’rikzor” kafesi oynalari chil-chil sinib ketgandi. Xo’jalik magazinda ishlaydigan yigit jarohat olgan. Bir kishini “tez yordam” mashinasi kasalxonaga olib ketishganligi haqida ko’rganlar aytdi. Tush paytida “O’rikzor” kafesida va uning oldida necha nafar xo’randa bo’lganligi, oshxonaning necha nafar xodimiyu necha nafar xo’randasi jarohat olganligi to’g’risidagi ma’lumotlarni, shuningdek “Jiguli” haydovchisining taqdirini aniqlash iloji bo’lmadi.

Muallif fikricha, portlashning asosiy sababi – O’zbekistondagi poraxo’rlik hamda korrupsiyadir. Poraxo’rlik natijasida tegishli talablarga javob bermasada ustaxonalarga ishlash uchun ruxsatnomalar berilayveradi, texnika xavfsizligi talablari kerakli darajada tekshirilmaydi yoki tekshirilsa ham yuzaki tekshirilib, nomigagina o’tkaziladi, ishchilar malakalari, texnika xavfsizligi talablarini qay darajada bajarayotgani tekshirilmaydi.

Taqqoslash uchun: Rossiya, AQSh, Fransiya, Buyuk Britaniya hamda Xitoyda atom bombasi ishlab chiqaradigan katta korxonalar bor. Lekin bularda biror marta portlash ro’y bergan emas. Chunki u yerda texnika xavfsizligiga qat’iy amal qilinadi. Poraxo’rlik va korrupsiyaga botgan, bu sohada jahonda eng korrupsiyalashgan o’nta davlatning biri degan qora nom olgan O’zbekistondachi – oddiygina kislorod gazi to’ldiradigan ustaxonalarda portlash ro’y berib, insonlar halok bo’lmoqdalar. Mana bugun yana ikki o’zbek oilasida motam …

E-mail: shuhrat1954@yahoo.com

2008 yil 5 may. Toshkent, soat 18.30.

Ответить

Вы должны авторизоваться для отправки комментария.