Shuhrat Ahmadjonov: Sherali jo’raev…

16.2. SH. JO’RAYEVNING 1975 YILDAGI SURATIDAN RANGLI FOTOSURAT QILDIRISH UCHUN KAMINANING 2006 YILDAGI KURASHI
Muallif 2006 yilda o’sha 1975 yildagi oq-qora rangli suratdan fotostudiyada buyurtma berib, Sh.Jo’rayevning rangli fotosuratini ishlattirdi va uni saytimiz orqali e’tiboringizga havola etmoqda.

2005-2006 yillarda Sh.Jo’rayevning rangli fotosuratini ishlattirish uchun ham kurashishga to’g’ri keldi. Muallif 2005 yil 31 may kuni Madaniyat va sport ishlari vazirligi oldida piket o’tkazishga harakat qilgani va avgust oyi oxirigacha tazyiqda qolgani haqida 12-bandda yozildi. Kamina 2005 yil sentyabrida Sh.Jo’rayev to’g’risida maqola yozishni boshladi. Maqolada uning yoshlikdagi rangli fotosuratini Internet saytda chop ettirish niyatida muallif Toshkentda, A.Navoiy nomidagi metro shohbekati yaqinidagi “Paxtakor” nomli fotostudiyaga bordi. Kamina 1975 yilda tushirilgan oq-qora rangli fotosuratni kompyuter oldida o’tirgan xodimaga berdi va uni rangli fotosurat qilib ishlab berishni so’radi. Xodima kamina buyurtmasini rad qilib, bajarmasligini aytdi.

Muallif “Ayol kishi bilan tortishib o’tiramanmi?” degan fikrga kelib, fotostudiyadan chiqib ketdi. Kaminaning 1990 yil noyabrigacha “Birlik” xalq harakati, so’ngra “Erk” demokratik partiyasi saflarida birga harakat qilgan tanishi – Salovat Umurzoqov bor. Uning uch o’g’li bor. Salovatning to’ng’ich o’g’li Sardor video studiyada ishlaydi va kompyuterda rangli portret ishlash masalalari bilan ham shug’ullanadi. Kamina 1975 yildagi oq-qora suratni Sardorga berdi va rangli fotosurat qilib ishlab berishni so’radi. Muallif xizmat haqini to’lashi haqida ham aytdi. Sardor suratni olib qoldi. Oradan ikki oy o’tdi hamki, u rangli fotosuratni kerakli darajada tayyorlab bermadi. Shu sababli kamina fotosuratni qaytarib oldi.

2005 yil 13-14 may kunlari Andijonda ro’y bergan qonli voqealar tufayli O’zbekistonda demokratlarga qarshi tazyiqlar ko’chayib ketdi. 2005 yilda inson huquqlarini himoya qilish bilan bog’liq dolzarb ishlar ko’payib ketganligi va rangli suratning tayyor bo’lmaganligi sababli Sh.Jo’rayev haqidagi maqolani 2006 yilga qoldirishga to’g’ri keldi.

Muallif 2006 yil 13 fevral kuni “Paxtakor” nomli fotostudiyaga yana borib, 1975 yilda tushirilgan oq-qora rangli fotosuratni kompyuter oldida o’tirgan xodimaga berdi va uni rangli fotosurat qilib ishlab berishni so’radi. Xodima kamina buyurtmasini rad qilib, bajarmasligini aytdi. Muallif yana bir marta iltimos qildi. U yana rad javobini berdi.

Kamina inson huquqlari himoyachisi sifatida O’zbekistonda “Iste’molchilar huquqini himoya qilish haqida” O’zR qonuni borligi va bu qonunga asosan xodima fuqaro buyurtmasini bajarishi shart ekanligini bilardi. Muallif bu ayol bilan tortishib o’tirish behudaligini tushunib, A.Navoiy shohko’chasi, 18A-uyda joylashgan Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi (IHHQJF) Respublika boshqarmasiga bordi. U yerdagi yosh xodima kamina arzini tinglagach, Hamza metro shohbekati yaqinida joylashgan IHHQJF Toshkent shahar bo’limiga murojaat qilish kerakligini aytdi.

Muallif IHHQJF Toshkent bo’limiga borgach, u yerdagi xodima ayol O’zbekiston IHHQJFning Ustavini berdi va bu tashkilotga a’zo bo’lish shartlarini tushuntirdi. Shuningdek u shikoyat arizasini fotostudiya joylashgan IHHQJFning Shayxontohur tuman hokimiyatidagi bo’limiga topshirish kerakligini aytdi. Kamina shu tuman bo’limiga keldi va u yerda o’z shikoyat arizasini IHHQJF Shayxontohur tuman bo’limi raisi Uchqur O’tkirovich Komilovga topshirdi.

Shu yerda o’sha shikoyat arizasi matnini keltirib o’tsak.

“Toshkent shahar Shayhontohur tuman Iste’molchilar

huquqlarini himoya qilish jamiyati raisi

U.O’.Komilovga

SH I K O YA T A R I Z A S I

Men, Ahmadjonov Shuhrat, 2006 yil 13 fevral soat 9.40 da Shayxontohur tumani, A.Navoiy ko’chasidagi “Paxtakor” nomli fotostudiyaga 1975 yilda 4 kishi bo’lib tushgan suratni restavratsiya qildirishga topshirmoqchi bo’ldim. Restavratsiya qiluvchi 35-yoshlardagi ayol rus tilida “Sizdan buyurtma olmayman” dedi. Sababini so’rasam aytmadi. Familiyasini so’rasam aytmadi. “Boshlig’ingiz kim?” desam, “Men” dedi. “Shikoyat daftarini bering” desam, “Yo’q” dedi.

Bunday o’zboshimcha fotostudiya xodimasiga tegishli choralar ko’rishingizni iltimos qilaman.

Ahmadjonov Sh. imzo

2006 yil 13 fevral.

Manzilim: Toshkent sh., Hamza tumani, Farg’ona yo’li ko’chasi, 101-uy, 65-xonadon. Uy tel. 195 96 59.”

Ushbu shikoyat arizasi yozilgan varaq pastida “Oldim. 13.02.2006 imzo Islomov T.T.” degan yozuv ham bor.

U.Komilov va u bilan birga ishlaydigan xodim T.T.Islomov muallif bilan birgalikda “Paxtakor” fotostudiyasiga keldilar. Bu xodima kamina buyurtmasini rad qilganligini tan olgach, Uchqur fotostudiya rahbari bilan ham gaplashdi. Xodima ayol kamina buyurtmasini, ya’ni Sh.Jo’rayev bilan tushgan fotosuratni qabul qilib oldi va rangli surat bir haftada tayyor bo’lishini aytdi.

Uchqur kamina oldiga kelib, tegishli hujjatlarni rasmiylashtirib, ishni sudga oshirishi haqida aytdi. Uchqur o’z xizmat telefon raqamini (142 21 12) kaminaga berdi va qo’ng’iroq qilib, sud boshlanish vaqtini so’rab turishni tavsiya qildi. Kamina o’z shikoyat arizasining ikkinchi nusxasiga T.T.Islomov imzosini ham oldi.

Bir haftalar o’tgach, kamina Sh.Jo’rayevning alohida rangli fotosuratini oldi. Muallif shu suratga qarab, to’rtala kishi tushgan rangli fotosuratni buyurtma berdi. Yana bir hafta o’tgach ikkinchi surat ham tayyor bo’ldi. To’rt kishilik rangli fotosurat ushbu bandda keltirilgan.

Muallif 2007 yil yozida Toshkentdagi Sergeli super ulgurji bozorida fotosuratga tushirib yurganida Uchqurni uchratdi. Uning aytishicha, Shayxontohur tumanlararo Fuqarolik sudida muallifning shikoyat arizasi ko’rib chiqilgan. Sud kaminaning iste’molchi sifatidagi huquqi fotostudiya xodimasi tomonidan asossiz ravishda buzilganligini tan olib, qonunning tegishli moddasi asosida kamina foydasi uchun fotostudiya rahbariyatiga jarima solish haqida qaror chiqaribdi. Uchqur: “Shayxontohur tumanlararo sudiga borib, sud qarorini olib, jarima pulini fotostudiyadan olishingiz mumkin” dedi. U hozir (2007 yilda) avvalgi ishidan ketgani va tijorat bilan shug’ullanayotganini ham aytdi.

Kaminaning asosiy maqsadi Sh.Jo’rayevning rangli fotosuratini ishlattirish edi. Bu shikoyat yordamida pul ishlab olish niyati bo’lmaganligi sababli kamina 2007 yilda Shayxontohur tumanlararo Fuqarolik sudiga bormadi va sud qarorini olib, jarima undirish bilan shug’ullanmadi.

Muallif o’sha sud ishining aniq raqamlari va sud qarori matnini ushbu kitobda keltirib o’tish maqsadida 2008 yil 7 fevral kuni Shayxontohur tumanlararo Fuqarolik sudiga bordi. Kamina sud arxivida ishlayotgan yigitga murojaat qildi. Avval u yigit, so’ngra kamina 2006 yilda Shayxontohur sudida ko’rilgan sud ishlari jurnalida “A” harfi bilan boshlanuvchi familiyalar ro’yxatini qarab chiqdi. Lekin “Ahmadjonov Shuhrat” ismi sharifi bu ro’yxatda yo’q edi. Shu sababli sud ishini talab qilib olish va ko’rib chiqish imkoni bo’lmadi.

Ushbu sud ishining yo’qligi kamina bilan bog’liq boshqa sud ishini esga soldi. 2000 yil may oyida yozgan “Qarz balosidan ogoh bo’lgin, xalqim!” kitobi uchun Milliy xavfsizlik xizmatining ko’rsatmasi va Hamza tuman IIB terrorizm va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo’limi zobitlarining faol harakati natijasida muallifni 2001 yil 30 oktyabr kuni hibsga olishdi va Toshkent shahar, Panelli mavzesi yaqinidagi Chashma ko’chasida joylashgan hibsxonaga (spespriyemnikka) qamashdi. Kamina sumkasidan chiqqan o’sha kitobi va yangi yozayotgan “Gap-gashtakdan Jadidchilik harakatiga!” nomli kitobining qo’lyozmasini tegishli idoralarda batafsil o’rganib chiqishdi. Lekin muallifga qarshi birorta ayb topa olishmagach, kitoblardagi fikrlar “xalq orasida vahima uyg’otishi mumkin” degan ayb bilan 2001 yil 19 noyabr kuni Toshkent shahar Hamza tuman jinoiy ishlar sudi kaminani 15 sutkaga qamash haqida qaror chiqardi. Bu haqda batafsilroq kaminaning [4] kitobi 1-ilovasida yozilgan.

Kamina 2001 yil 4 dekabrda qamoqdan chiqqach, shu soxta sud ishi bilan tanishmoqchi bo’ldi. Hamza tuman jinoiy ishlar sudi raisi nomiga ariza yozib, tuman sudi arxivida saqlanayotgan ish bilan tanishishga ruxsat oldi. Muallif arxivda ishlayotgan xodimga murojaat qilgach, u kamina sud ishini arxivdan topa olmadi. U arxiv jurnalidagi ro’yxatga qarab, kamina familiyasini topdi. Jurnalda kaminaga doir sud ishini Hamza tuman prokuraturasi arizasi asosida olib ketilgani haqidagi yozuv bor edi. Keyin o’sha prokuratura so’rovnomasini ham xodim topdi.

Muallif Hamza tuman prokuraturasiga borib, o’ziga doir sud ishini berishni so’radi. Sud ishi tuman prokuraturasida topilmadi. “Bor otangga, bor onangga” bo’lib, muallif o’n kunga yaqin Hamza tuman sudi va prokuraturasi orasida qatnadi. Oxiri sabri tugab “Agar sud ishini topib bermasalaringiz, O’zR Prezidenti I.Karimov va O’zR Bosh prokurori nomiga shikoyat yozaman” dedi. Shundan keyingina sud ishini topib berishdi.

Hamza tuman jinoiy ishlar sudida ko’rilgan sud ishini Milliy xavfsizlik xizmati rahbarlari prokuratura orqali so’ratib olib, MXX arxiviga olib borib qo’yishgan, deb hisoblaydi kamina. MXX rahbarlari ko’pincha o’zlarining noqonuniy, iflos ishlarini og’zaki buyruq asosida boshqalar qo’li bilan, ya’ni prokuratura rahbariyati orqali amalga oshiradilar.

Shayxontohur tumanlararo Fuqarolik sudidagi fotosurat bilan bog’liq sud ishiga qaytaylik. Hamza tuman jinoiy ishlar sudi arxivida 2002 yil yanvarida bo’lib o’tgan voqeadagi kabi, Shayxontohur sudida muallifning shikoyat arizasi bilan bog’liq sud ishini yana MXX rahbariyati o’z arxiviga olib ketgan bo’lishi mumkin, deb taxmin qiladi kamina. Kamina 2002 yil yanvaridagi kabi Shayxontohur sudi arxiv jurnali orqali sud ishini surishtirmasligi uchun ushbu ish haqidagi yozuv arxiv jurnaliga umuman yozilmagan, ya’ni sud ishi arxivgacha yetib bormasdan MXX arxiviga olib ketilgan bo’lishi mumkin. MXX boshqarayotgan O’zbekistonda oddiy sud ishini topish ham mana shunday qiyindir …

Hofiz va shoir Sh.Jo’rayevning rangli fotosuratini fotostudiyada ishlattirish uchun ham kamina 2006 yilda mana shunday kurashishiga va 2008 yil fevralida sud ishini izlashiga to’g’ri kelgandi.

Ответить

Вы должны авторизоваться для отправки комментария.