Shuhrat AHMADJONOV:ANDIJON FOJIASINING UCH YILLIGI: TOSHKENTDAGI VAZIYAT

Ma’lumki, 2005 yil 13-14 may kunlari Andijonda oddiy xalq O’zbekiston kuchishlatar organlari tomonidan qirg’in qilindi va 700 dan ortiq odam halok bo’ldi. Ushbu fojia va uning sabablari haqida, Andijonda xalqni otmasdan, muammoni tinch yo’llar bilan hal etish mumkinligi haqida kamina [1]-[5]-maqolalarda yozgandi.

2006 yil 12 may kuni Toshkentda bir guruh inson huquqlari himoyachilari Andijon qirg’inining bir yilligi munosabati bilan begunoh halok bo’lgan vatandoshlarni yod etishgani, Toshkent markazidagi Jasorat monumenti poyiga gullar qo’yishgani, so’ngra barcha cho’kkalab o’tirishgani, Qur’ondan suralar o’qilgani va yig’ilganlar Andijonda begunoh halok bo’lganlarni Olloh rahmat qilsin, deya qo’llarini yuzlariga tortganlari, shuningdek huquq himoyachilari bir daqiqa sukut saqlab ham yod etganlari haqida [6]-maqolada muallif yozgandi.

Bir guruh inson huquqlari himoyachilari Andijon fojiasining uch yilligi munosabati bilan xuddi shunday tadbirni Toshkentda 2008 yil 13 may kuni o’tkazishga qaror qilishdi va Germaniya elchixonasi qarshisida, katta yo’lning bu tarafida uchrashishga kelishishdi (elchixona Jasorat monumentidan 100 qadamcha nariroqda joylashgan). Keyingi voqealar quyidagicha rivojlandi.

13 may kuni ertalabdan ko’pgina inson huquqlari himoyachilari militsiya xodimlari tomonidan o’z uylaridan chiqarilmaganlar. Bular qatorida Yelena Urlayeva, Tatyana Dovlatova, Lyudmila Mingazova, Karima Kamalova bor.

Ye.Urlayeva bir iloj qilib militsiya xodimlarini aylanib o’tib, “Toshkent traktor zavodi” nomli bekatda “Damas” markali marshrut mashinasiga o’tirishga muvaffaq bo’lgan. Marshrutkada jami yetti nafar yo’lovchi bo’lgan. Militsiya xodimlari ushbu “Damas” mashinasini “Buyuk Ipak yo’li” metro bekatidan beriroqdagi “Sevastopol” nomli avtobus bekatida to’xtatishgan. Militsiya mashinasidan tushgan xodim haydovchi yonidagi o’rindiqqa o’tirgan yo’lovchini marshrutkadan tushib, militsiya mashinasiga o’tirishga buyruq bergan. Yo’lovchi borib militsiya mashinasiga o’tirgan. “Damas”dagi yo’lovchi o’rniga militsiya xodimi o’tirgan. Militsiya mashinasi kuzatuvida “Damas” mashinasi yo’lovchilari bilan birgalikda Mirza Ulug’bek tuman ichki ishlar boshqarmasi (IIB)ga olib borilgan. U yerda Yelena Urlayevani “Damas”dan tushishga buyruq berishgan. Yelena mashinadan tushgach, “Damas” haydovchisiga va yo’lovchilariga javob berib yuborishgan. Ye.Urlayevani IIBda soat 17.00 gacha ketishiga ruxsat bermay, tutib turishgan. Uni 17.00 da o’z uyiga olib kelib, yana soat 18.00 gacha uy qamog’ida ushlashgan.

Muallif soat 9.45 da Jasorat monumenti yaqiniga keldi. Monument qarshisida, yo’lning bu tarafida 20 nafardan ortiq fuqaro kiyimidagi kuchishlatar organlar xodimlari yurishar, ko’pgina yengil mashinalar, shuningdek 10 AZ 893 raqamli “Isuzu” (avvalgi “Otayo’l”) markali militsiya avtobusi turardi. Bu avtobus monument oldiga keladigan inson huquqlari himoyachilari ko’proq bo’lgan taqdirda majburan tutib olib ketish uichun tayyorlab qo’yilgandi.

Muallif kelishgan uchrashuv joyi – Germaniya elchixonasi qarshisiga bordi. Lekin u yerda inson huquqlari himoyachilaridan hech kim yo’q edi. Kamina Jasorat monumenti oldiga kelganida, u tomondan mustaqil jurnalist Sib Yanishev kelayotganini ko’rdi. Muallif u bilan salomlashib, o’zini tanishtirdi. Uning iltimosi bilan unga bugungi tadbirga doir qisqacha intervyu berdi.

Bu payt xorij sayyohlaridan olti kishilik guruh mashinadan tushib Jasorat monumenti yaqiniga borishdi va ekskursovod monument tarixini qisqacha aytib bergach, turistlar uni foto hamda telekameralar bilan suratga ola boshladilar. Monument yaqinida katta avtobus to’xtadi va undan 25 nafarga yaqin sayyohlar tushib, monument tarafga kela boshladilar. Intervyu tugagach kamina elchixona oldiga borib xabar olib kelmoqchi ekanligini S.Yanishevga aytdi va elchixona tarafga ketdi. S.Yanishev esa monument tarafga ketdi.

Muallif Geremaniya elchixonasi qarshisida, yo’lning berigi betida inson huquqi himoyachilaridan hech kimni uchratmadi. Kamina monument tomonga qaytib borish uchun burilgach, maysalarni bosib, yo’lni kesib fuqaro kiyimidagi 28 yoshlardagi yigit shosha-pisha kelayotganini ko’rdi. Muallif bir necha qadam tashladi. U yigit kaminaga yaqinlashib kelib buyruq ohangida: “Shuhrat aka, siz u nomonga bormaysiz!” dedi. Kamina: “Iye, ko’chada yurish ham mumkin emasmi? O’zingizni tanishtiring” dedi. U: “Men o’zimni tanishtirmayman. Siz u tomonga bormaysiz” dedi. Kamina: “Men Olimpiya muzeyini ko’rishga keldim. Nima, muzeyga kirish taqiqlanganmi?”

(Izoh: aslida Jasorat monumenti hamda muzey Toshkentda 1966 yil 26 aprel tongotarida ro’y bergan zilzila va uning oqibatlarini tugatish tarixiga bag’ishlangan edi. Muallif bu muzeyga Sovet Ittifoqi davrida ikki marta kirib, u yerda zilzila oqibatlariga bag’ishlangan fotosuratlarni va Toshkentni tiklash tarixi yaxshi tasvirlanganini ko’rgan edi. O’zbekiston mustaqillikka erishganidan bir necha yil o’tgach Prezident I.Karimov farmoniga asosan bu muzey Olimpiya muzeyi qilib o’zgartirildi. Endi u yerda asosan sportga bag’ishlangan ko’plab narsalar, orden va medallar namoyishga qo’yilgan. Kamina bu muzeyga Mustaqillikdan keyin kirgan emas va ekspozitsiya materiallari bilan faqat televideniyeda ko’rsatilgan qisqacha axborotlar orqali ozroq biladi.)

Shu payt yo’l bo’yiga to’q ko’k rangdagi “Neksiya” markali 30 G 09-89 raqamli mashina kelib to’xtadi. Maxsus xizmat organi xodimi shu mashinani ko’rsatib, uning haydovchisi meni chaqirayotganini aytdi. Muallif o’sha tomonga qaradi. Uning haydovchisi mashina ichida o’tirib qo’li bilan siltab kelish haqida imlab chaqirardi. Kamina: “Agar men unga kerak bo’lsam, o’zi kelsin” dedi. Xodim uni imlab chaqirdi. U mashina ichidan chiqib keldi. Haydovchi yaqinlashib kela turib: “Shuhrat aka, siz meni bilasizku. Men sizning ishingizni tergov qilgan edim” dedi. Bu Toshkent shahar Hamza tuman IIB tergovchisi Javlon edi (u dastlabki tergov tadbirlarini o’tkazganlardan biri). Kaminani 2007 yil 23 dekabr kuni – O’zR Prezidenti saylovi kuni soat 11.00 da Toshkentdagi Parkent bozori o’rtasida kuchishlatar organlar kuzatuvida kaltaklab ketishgandi. Kamina “tez yordam” mashinasini chaqirtirib, keyin jinoiy ish ochishni talab qildi. 2007 yil 31 dekabr kuni kaminani Hamza tuman IIB ga chaqirtirishdi.

Muallif borganida uni tergov bo’limi zobiti Javlon kutib oldi va ishni Hamza tuman tergov bo’limiga o’tkazilayotganini aytgandi. Bu ish shu kungacha natijasiz yotibdi. Muallif bu ish bilan tanishish uchun 2008 yil 25 mart kuni Hamza tuman IIB ga bordi. Tergov bo’limi zobiti mayyor Ikrom Chutiyev ishni yopish uchun Hamza tuman prokuraturasiga topshirilganini aytdi.

Muallif ishni ko’rsatishni so’radi. Berishmadi. Shu sababli kamina ishni ko’rsatishlarini talab qilib Hamza tuman tergov bo’limi boshlig’i podpolkovnik Ulug’bek Turg’unov nomiga arizani 2008 yil 25 mart kuni topshirdi. Qonunga asosan rahbarlar bir oy ichida rasmiy javob berishlari kerak edi. Lekin arizaga shu kungacha – 2008 yil 14 maygacha hech qanday rasmiy javob berishgani yo’q. Kamina yaqinda bu masala bilan shug’ullanishni davom ettiradi, xudo xohlasa.

Javlon kamina mashinaga o’tirishi kerakligini aytdi. Kamina e’tiroz bildirdi. Shu payt oq rangdagi “Jiguli” kelib to’xtadi va undan ikki nafar fuqaro kiyimidagi zobit kamina tomonga kela boshlashdi. Ular ham yetib kelar-kelmas kamina mashinaga o’tirishi kerakligini talab qila boshladilar.

Muallifni birinchi bo’lib to’xtatgan maxsus xizmat organi (MXX) zobiti kamina tirsagidan mahkam ushlab, mashina tomonga yurishga majburlay boshladi. Muallif to’rt zobitga qarshilik ko’rsatib bo’lmasligini tushunib, to’rtalasi ko’zatuvida “Neksiya” mashinasi oldiga bordi. Ulardan biri mashina orqa eshigini ochdi va kaminaga kirib o’tirishga buyruq berdi. Kamina kirib o’tirdi. Kamina yoniga 28 yoshli MXX zobiti, rulga esa Javlon o’tirdi va mashinani haydab ketdi.

Mashina ichida Javlon kaminaga qarshi ko’p har xil gaplarni gapirdi, qo’pol so’zlarni ham ishlatdi. Kamina unga qarshi joy-joyida javob berdi. Masalan, Javlon gap orasida: “Podshoh xudoning yerdagi soyasidir. Sizlar podshomizga qarshi kurash olib borayapsizlar” deb aybladi. Kamina: “O’zbekistonda podshoh yo’q. Podshoh deganda avloddan avlodga o’tadigan taxt tushuniladi” dedi. U gapini to’g’rilab: “Men Prezidentimizni nazarda tutayapman” dedi.

Javlon: “Biz sizga yordam berish uchun jinoiy ish ochdik. Siz bo’lsangiz miting qilib yuribsiz” dedi. Kamina: “Qanaqa miting? Men bir o’zim ko’chada yurgan paytim tutib kelayotgan bo’lsalaringiz. Men hozir Hamza tumanida yashamasam. Sizlar meni tutgan yer umuman boshqa tuman hududi bo’lsa, siz bu yerda nima qilib yuribsiz? Nega siz meni tutdingiz va nima uchun Hamza tuman IIB siga olib borayapsizlar?” dedi.

Javlon: “Siz Slonima ko’chasida yashaganmisiz?” deb so’radi. Muallif: “Slonima ko’chasi Murg’ob ko’chasi deb ataladi. Men Murg’ob 4-berk ko’chasida yashab, tazyiqlardan keyin 2002 yil oktyabrida u yerdan boshqa tumanga ko’chib ketgan edim. Bunga deyarli olti yil bo’ldi. Nima, endi umrim oxirigacha mening ortimdan Hamza tuman IIB zobitlari tazyiq qiladimi? Siz bugun – 13 may kuni ekanligidan foydalanib menga qarshi provokatsiya uyushtirish uchun tutgansizlar. Men jinoiy ish ochishni talab qilganligim va shu ishni ko’rsatishni talab etayotganim uchun sizlar menga qarshi provokatsiya uyushtirish uchun Hamza tuman IIB siga olib ketayotirsizlar” dedi.

Javlon bir oz o’ylanib turdi-da: “Siz hozir qayerda yashayapsiz?” deb so’radi. Muallif: “Mening narsalarim Mirza Ulug’bek tumani, Qorasuv-1 mavzesida turibdi. U yerga 9 yanvarda ko’chib o’tgandim. U yerda ham tazyiq qilishgach, 12 fevraldan beri tanishlarimnikida yotib yurib, ijaraga xona izlayapman” dedi. U yana bir oz o’ylanib, mashinani burib yo’lning qarshi tomoniga o’tkazdi va to’xtadi. Javlon mashinadan tashqariga chiqib, uyali telefon orqali kimgadir qo’ng’iroq qilib gaplashdi. Keyin qaytib kelib: “Qayerda yashayapman, dedingiz?” deb so’radi. Muallif: “Qorasuv-1 mavzesi, 11-uy, 9-xonadonda narsalarim turibdi” dedi. Javlon mashinani Qorasuv-1 mavzesi tomon haydab ketdi.

Ta’kidlash o’rinliki, Prezidentlik saylovlari arafasidagi tazyiqlardan so’ng kamina Sergeli-5 mavzesida ijaraga olgan xonasidan 2007 yil noyabrida chiqib ketishga majbur bo’lgan edi. Kamina kvartira bozoridagi dallol (makler) ayol bilan Qorasuv-1 mavzesi, 11-uy, 9-xonadonga 2008 yil 6 yanvar kuni bordi. Xonadonda ikki bolali (1 va 5 yasharli bolalari bor) yosh er-xotin kutib olishdi. Uch xonali uyning kichik xonasini 50 ming so’mdan berishlarini aytdi. Kamina rozi bo’ldi va pul to’lab, 9 yanvar kuni ko’chib o’tdi. Ko’chib o’tgandan bir necha kun o’tgachgina er-xotin o’zlari bu yerda uch yildan beri ijarada yashahslarini va vaqt-vaqti bilan ijaraga odam qo’yishlarini aytishdi. Kamina bunga javoban: “Agar buni boshdan aytganlaringad, men umuman ko’chib kelmasdim” dedi (buni uyushtirganlar haqida batafsilroq keyingi maqolalardan birida kamina yozar, xudo xohlasa).

Mavzega yetib borgach, kamina 11-uyni ko’rsatdi. Javlon MXX zobitiga: “Kvartirasiga birga kirib ko’ring” dedi. Kamina bilan birgalikda 3-qavatga MXX zobiti ko’tarildi. Xonadonda Sayyora ikki bolasi bilan bor ekan. Kamina salomlashdi. MXX zobiti kaminaga doir bir necha savollarni Sayyoraga berdi. Sayyora kamina bu yerda yashaganini, uning narsalari hozircha kvartira topguniga qadar turganligini aytdi. MXX zobiti tuflisini yechmay balkonga zal orqali yurib o’tdi. Kamina ham o’tib, balkonda taxlab qo’yilgan narsalarini ko’rsatdi. MXX zobiti boylab qo’yilgan qog’ozlar o’ramidan ikki varaqni tortib chiqarib o’qiy boshladi. Bu yuqori idoralarga kamina yozgan shikoyat ariza nusxalaridan biri edi.

MXX zobiti kamina varag’ini behs daqiqacha o’qigach va narsalarga qaragach, yo’lakka qaytib chiqdi. U: “Sumkangizda nimalar bor? Plakatlar qayerda? Ko’rsating!” deb buyruq berdi. Muallif: “Siz o’zingiz kimligingiz haqida hujjat ko’rsating” dedi. U: “Men ko’rsatmayman. Siz Milliy xavfsizlik xizmati idorasiga borib, bugun o’sha monument oldiga kimlar otsepleniyega (o’rashga, Sh.A..) chiqqanini so’rasangiz, rahbarlar aytib berishadi” dedi. Kamina: “MXX ga hali ham Rustam Inoyatov rais, bilishimcha. Agar siz hozir o’z hujjatingizni ko’rsatmasangiz, men sumkamni ko’rsatmayman” dedi. MXX zobiti: “Sumkangizni ko’rsating!” deb buyruq berdi. Kamina sumkasini yelkadan olib polga qo’ydi va dedi: “Marhamat, xohlasangiz, o’zingiz ochib ko’ravering. Mana oldimizda Sayyora guvoh. Lekin men shaxsiy hujjatingizni ko’rsatmasangiz, sumkamdagi narsalarni ko’rsatmayman”. U bir oz o’ylab sumkani ochib ko’rishga jazm eta olmadi. U ketish uchuin eshikni ochib tashqariga chiqdi va pastga tushib ketdi.

Sayyora kaminaga murojaat qilib: “Siz ijara uchun 6 maygacha to’lagan edingiz. Bugun yana 6 kun o’tdi. 10 ming so’m bersangiz” dedi. Kamina narsalari balkonda turgan bo’lsada, avval gaplashganiga asosan har olti kunda 10 ming so’mdan, ya’ni oyiga 50 ming so’mdan to’lab bormoqda. Shu sababli muallif Sayyoraga 10 ming so’m berdi.

Pastga tushganda MXX zobiti va Javlon kutib turishardi. Javlon: “Biz sizni shu yerda qoldiramiz. Haykal yooniga qaytib bormang. Qaytib borsangiz yana o’lasi qilib kaltaklab ketishadi. Bizda yana bitta “visyak” ish (IIB xodimlari jinoyatchilar topilmagan ishlarni “visyak”, ya’ni osilgan, muallaq qolgan ish deb atashadi, Sh.A.) paydo bo’ladi, xolos” dedi. Kamina: “Men u yerga bormayman. Mening boshqa ishlarim ham ko’p” dedi. Ular ikkalasi mashinaga o’tirib jo’nab ketishdi. Bu vaqtda soat 11.20 edi. Kamina Jasorat monumenti oldiga qaytib borganida ham, soat 12.00 lar bo’ladi va u yerda birorta qo’shimcha ish qilish imkoniyatini bermasliklari aniq edi.

Muallif A.Navoiy nomidagi kutubxonaga bordi. U yerda bir-ikkita zarur kitoblarga buyurtma berdi va ushbu maqolani yozishga kirishdi. Keyin soat 19.20 da Chilonzor metro bekati yaqinidagi Internet-kafelardan birida soat 22.00 gacha maqolaning birinchi qismini yozdi. Soat 23.10 da Yelena Urlayeva xonadoniga bordi (kamina oxirgi paytlarda uning xonadonida tunamoqda).

Kamina 13 may kuni soat 23.20 da Viktoriya Bajenovaga telefon qildi. U quyidagilarni gapirib berdi. V.Bajenova va Anatoliy Volkov kunduzi soat 12.00 ga yaqin Jasorat monumenti yaqiniga kelishgan. Shu payt xorij sayyohlarining katta guruhi maydonga, monument tomonga kela boshlashgan. A.Volkov qo’lida gazetaga o’ralgan bir dasta gulni ochib monument poyiga olib borib qo’ygan. V.Bajenova esa buni fotosuratga olgan. Buni kuzatib turgan kuchishlatar organlar xodimlaridan 4-5 nafari A.Volkovga tashlanib, qo’llarini burab, uni monumentdan uzoqlashtirishgan va gullarni olib ketishgan. Yana 3-4 nafari V.Bajenovaga tashlanib, uning qo’lidagi fotoapparatni tortib olishga harakat qilishgan. V.Bajenova o’zini himoya qilib qichqira boshlagan.

Bu to’s-to’polonni xorijlik sayyohlardan ko’pchiligi darhol o’zlarining foto va kinokameralari bilan suratga ola boshlaganlar va bu bezorilikni to’xtatishni so’rashgan. Bu vaziyatda kuchishlatar organlar zobitlari ikkala huquq himoyachisini qo’yib yuborishga majbur bo’lganlar. Shu vaziyatdan foydalanib V.Bajenova va A.Volkov monument joylashgan maydonni tark etishgan.

Andijon fojiasining uch yilligi kuni Toshkentda mana shunday tazyiqlar sharoitida o’tdi. Kuchishlatar organlar zobitlarining tazyiqlari tufayli begunoh halok bo’lgan andijonlik vatandoshlarimiz xotirasiga potaha ham qila olmadik. Kamina yaqin kunlarda tanish-bilishlarini ko’rish uchun safarga Andijonga otlanmoqda. Endi potahani o’sha yerda qilish umidi bor, xudo xohlasa.

FOYDALANILGAN  ADABIYOTLAR

1. AHMADJONOV Sh. Andijon fojiasi va Bahodir Shoyunusov taqdiri. - www.uzbekcongress.org 2006.21.10.

2. AHMADJONOV Sh. Andijon fojiasi arafasidagi matbuot anjumani (fotolavha). - www.uzbekcongress.org 2006.26.10.

3. AHMADJONOV Sh. O’zbekiston qonunchiligidagi kamchiliklar va Andijon fojiasi. - www.uzbekcongress.org 2006.30.10.

4. AHMADJONOV Sh. O’zbekiston iqtisodiy siyosatidagi kamchiliklar va Andijon fojiasi. - www.uzbekcongress.org 2006.01.11.

5. AHMADJONOV Sh. Andijonda xalqni otmasdan, muammoni tinch yo’l bilan hal etish mumkinmidi? - www.uzbekcongress.org 2006.13.11.

6. AHMADJONOV Sh. Andijonda begunoh halok bo’lganlar Toshkentda yod etildi. - www.uzbekcongress.org 2006.13.05.

E-mail : shuhrat1954@yahoo.com

Ответить

Вы должны авторизоваться для отправки комментария.